Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tuman bo‘limi tomonidan Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlari muomalaga kiritilishining oldi olindi.
Fuqarolar A.U., D.Ye. hamda B.D. iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan qo‘lbola usulda tayyorlangan 546 dona “QARATAW” nomli qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini 11 million so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. Tadbir davomida B.D.ning xonadonidan yana 299 dona qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri