O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 23 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi masalalarini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston xalqlari madaniy merosining saqlanishini ta’minlash, madaniy boyliklarning qonunga xilof ravishda olib chiqilishi va olib kirilishidan muhofaza qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar mamlakatimiz hududidan olib chiqib ketilmasligi belgilab berilgan.
Shunday bo‘lsada, ayrim fuqarolar tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda madaniy boyliklarni respublikamiz hududidan noqonuniy tarzda olib chiqib ketishga urinish holatlari uchramoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Nukus-aeroport” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Nukus-Moskva” yo‘nalishidagi NU9625-sonli aviareys bilan O‘zbekistondan Rossiyaga uchib ketish uchun zalning “yashil” yo‘lagidan harakatlanayotgan fuqaro o‘zi bilan 4 dona qadimiy tangani olib chiqib ketishining oldi olindi.
Mazkur holatda ashyoviy dalil tariqasida olingan ishlab chiqarilganiga 50 yildan ortiq vaqt o‘tgan qadimiy tangalar, ekspertiza xulosasiga ko‘ra, respublikamiz hududidan olib chiqilishi taqiqlangan madaniy boyliklar sirasiga kirishi belgilandi hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyiga vaqtincha saqlovga topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri