Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti hududidagi “UMID-NUKUS” MCHJga qarashli bojxona omborida maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.

“Tovar-moddiy boyliklar saqlanadigan omborlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash va favqulodda holatlar sodir bo‘lganda harakatlanish taktikasi” mavzusida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotida favqulodda vaziyatlar, bojxona, sog‘liqni saqlash, Nukus shahar gaz va elektr tarmoqlari korxonasi, ombor vakillari va boshqa tegishli mas’ullar ishtirok etdi.

Xususiy bojxona ombori hududida jami 3 ta yong‘in nuqtasi belgilanib, xavotirli “yong‘in” signali berildi. Ishtirokchilar tezkorlik bilan o‘zlariga belgilangan vazifalarga kirishdi.

Bojxona posti boshlig‘i tomonidan tezkor qaror qabul qilinib, post xodimlaridan post hamda ombor hududlari xavfsizligini ta’minlash otryadlari tuzilib, tezkorlik bilan ishga kirishildi. Bu orada yong‘in sodir bo‘lgan hududda zararlangan fuqarolarga birinchi yordam ko‘rsatilib, yong‘in o‘chog‘idan tashqariga olib chiqish harakatlari boshlandi. Tezkor tuzilmalar tomonidan yong‘inni o‘chirish va uning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlar ehtiyotkorlik va markazlashgan holda amalga oshirildi.

“Shartli” yong‘in taktik mashqida har bir tuzilma tomonidan Shtab guruhiga topshiriqlar bajarilganligi bo‘yicha axborot berildi. Yong‘in to‘liq bartaraf etilgach, barcha tuzilmalar rahbarlari tomonidan mashg‘ulot davomida harakatlar ketma-ketligi va tezkorligi baholanib, ularni bajarish chog‘ida yo‘l qo‘yilgan xato- kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Mashg‘ulot yakunida yong‘in yuz berganida zarur zamonaviy texnik vositalar hamda avariya-qutqarish ekipajining ko‘rgazmali namoyishi o‘tkazildi.

Ushbu maxsus-taktik mashqlarni o‘tkazishdan maqsad yong‘in sodir bo‘lganda tezkor tuzilmalarning hamkorlikdagi harakatini ta’minlash ko‘nikmalarini shakllantirishdan iboratdir.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri