Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Biz yoshlar huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshimiz” shiori ostida “Yoshlar va qonun” tanlovi o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining “Turli qonunbuzarliklarga moyil yoshlar, yosh o‘smirlarni ma’naviy tarafdan tarbiyalashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” yo‘nalishidagi loyihasi  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida g‘olib bo‘lgan edi.

Loyiha doirasida Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan turli mavzularda tadbirlar, xususan, sport musobaqalari, o‘quv-seminarlar, tanlovlar, sayohatlar, psixologik qabullar o‘tkazilmoqda. Shu jumladan, yoshlar bilan samarali chora-tadbirlar olib borish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli huquqiy islohotlarga munosabatini oshirish, yoshlarga oid davlat siyosatini muntazam amalga oshirish maqsadida “Yoshlar va qonun” tanlovi tashkil etildi.

Unda ishtirok etgan 8 ta jamoa “Yoshlar ovozi”, “Blits savol-javob”, “Muammo va yechim” shartlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Yakuniy natijaga ko‘ra, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining “Mustaqillik yoshlari” jamoasi birinchi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialining “Renessans yoshlari” jamoasi ikkinchi, Qoraqalpog‘iston tibbiyot intitutining “Gippokrat” jamoasi uchinchi  o‘rinni egalladi.

G‘olib jamoalar Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan  diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari.