Dohada mukofot jamg‘armasi 108 ming 250 AQSH dollaridan iborat bo‘lgan “Qatar Masters Open” xalqaro turnirining oltinchi turi ortda qoldi. 6-tur bahslarida Nodirbek Abdusattorov musobaqa yetakchisi Narayanan bilan durangga erishib, ochkolari sonini 4,5 taga yetkazib oldi. Javohir Sindorov qora donalarda hindistonlik Aditya Mittalni, shuningdek Nodirbek Yoqubboyev ham qora donalarda qozog‘istonlik Renat Jumaboyevni mag‘lub etib, 5 ochkoga ega bo‘ldi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Jahongir Vohidov Hindiston vakili Pranesh bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Shamsiddin Vohidov yana bir hindistonlik shaxmatchi Belurkerni dog‘da qoldirdi.
Shu tarzda hamyurtlarimizdan Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev 5 ochkoga ega bo‘lgan holda hindistonlik Narayanan va Ardjun bilan xalqaro turnirda yetakchilikka erishib turibdi.
“Qatar Masters Open”ning 7-tur o‘yinlari boshlanish arafasida Nodirbek Abdusattorov hamda 7 nafar shaxmatchi 4,5 ochkoga, Jahongir Vohidov va Shamsiddin Vohidov qatori 25 nafar ishtirokchi 4 ochkoni qo‘lga kiritgan tarzda yuqori o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Abdumalik Abdusalimov, Muhammadali Abdurahmonov, Saidakbar Saydaliyev 3,5 ochkoga, Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarov, Bobur Sattorov 3 ochkoga, Humoyun Bekmurodov, Almas Rahmatullayev 2,5 ochkoga, Bahrom Bahrullayev 2 ochkoga ega bo‘lgan holda musobaqadagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Bugun, 18 oktyabr kuni “Qatar Masters Open” turnirining 7-tur bahslarida Javohir Sindorov qora donalarda Narayanan bilan, Nodirbek Yoqubboyev Ardjun bilan, Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Pranav bilan kuch sinashadi.
31 davlatning 158 nafar shaxmatchisi qatnashayotgan nufuzli musobaqa bahslari 9-turdan iborat bo‘lib, 20 oktyabr kuni oxirgi tur bellashuvlari tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA