2026 yili AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida futbol bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati o‘tkaziladi. Mundialga chiqish borasida har bir qit’ada turli bosqichda saralash bahslari o‘tkaziladi. Biz uchun qiziqarlisi, albatta, Osiyo qit’asida bo‘lib o‘tadigan saralash turnirining ikkinchi bosqichidir.

Kuni kecha Osiyo qit’asida ilk bosqich saralash bahslari yakunlandi. Dastlabki bosqichda Butan termasiga qarshi maydonga tushgan Gonkong terma jamoasi ikki o‘yin hisobiga ko‘ra 4:2 hisobida g‘alaba qozondi va navbatdagi bosqichga chiqdi. Shu tariqa Gonkong termasi saralash bahslarining ikkinchi davrasida “E” guruhida O‘zbekiston, Eron va Turkmanistonga qarshi kuch sinashadigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, ushbu guruhda O‘zbekiston va Eron terma jamoalari favorit hisoblanadi va ikki terma jamoa uchrashuvi guruhning markaziy o‘yini deb e’tirof etilishi shubhasiz. O‘zbekiston – Eron terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 21 noyabr sanasida yurtimizda o‘tkaziladi. Javob bellashuvi esa 2024 yili 11 iyun kuni Eronda bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA