15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani “Nayman” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Qizlargul Jumaniyozova mehnatkash qishloq ayollaridan. U qariyb 50 yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib boradi. Ayni paytda “Sanobar Saparboyeva” dehqonchilik fermer xo‘jaligi rahbari.

Qizlargul opa boshchiligidagi fermer xo‘jaligi jami 52 gektar maydonga ega. Shundan 30 gektari paxta, 10 gektari g‘alla, 7 gektari sabzovot va poliz ekinlar yetishtiriladigan maydonni, 1 gektari mevali bog‘ va qolgan 4 gektari tutzorni tashkil etadi. Xo‘jalik paxta, g‘alla va pilla mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha davlat shartnomalarini eng birinchilardan bo‘lib bajarib kelmoqda. Xususan, joriy yilda xo‘jalik 300 kilogramm pilla, 28 tonna g‘alla yetishtirib, shartnoma rejasini 100 foizdan orttirib bajardi. Yaqin kunlarda davlatga paxta topshirish bo‘yicha reja ham ortig‘i bilan bajarilishi ko‘zlangan.

Fermer Qizlargul Jumaniyozovaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi fidokorona mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib baholanib, opa 1999 yil “Do‘stlik” ordeni, 2008 yil “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor” faxriy unvoni, 2021 yil esa “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

O‘zA fotomuxbiri
Maqsad Habibullayev olgan suratlar