Nukus shahrida taniqli polvon Abibulla Sodiqov xotirasiga bag‘ishlangan respublika ochiq turniri o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tuman va shaharlari, shuningdek, Xorazm viloyatidan yuz nafardan ortiq sportchi gilamga tushdi.

Musobaqada erkaklar o‘rtasida xorazmlik polvon Jaloliddin Odamboyev (66 kg), Qo‘ng‘irot tumanidan Menglibek Yo‘ldoshev (73 kg), Amudaryo tumanidan Sanjar Sherimbetov (81kg) hamda ayollar o‘rtasida Xorazm viloyatidan Rahima Yo‘ldosheva (+63 kg) 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Nukus tumanidan kuragi yerga tegmagan polvon Zahriddin Zoitov musobaqaning mutlaq g‘olibi deb topildi.

Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘zA fotomuxbiri
Maqsad Habibullayev olgan suratlar