MDH ishtirokchi davlatlari parlamentlararo assambleyasi ishchi organlarining videokonferensaloqa shaklida majlislari bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari, shuningdek, o‘ndan ortiq ekspertlar va qonun ijodkorlari ishtirok etdi.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev nazorat-byudjet komissiyasining majlisida ishtirok etdi.

Komissiya a’zolari MDH parlamentlararo assambleyasi a’zo davlatlar tomonidan kelgusi yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risida qabul qilingan qonunlar yuzasidan ma’lumot almashdi. MDH parlamentlararo assambleyasi kengashi faoliyatining moliyaviy jihatlariga oid qarorlar loyihalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov MDH parlamentlararo assambleyasi mudofaa va xavfsizlik masalalari doimiy komissiyasining majlisida ishtirok etdi.

MDH ishtirokchi davlatlarining 2020–2022 yillarga mo‘ljallangan terrorizm va ekstremizm hamda boshqa ko‘rinishdagi zo‘ravonliklarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturini amalga oshirishga qaratilgan “Jamoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi namunaviy qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va asos sifatida qabul qilindi.

Mazkur namunaviy qonun loyihasini ekspert xulosalari olish uchun ishtirokchi davlatlar parlamentlariga yuborish, qayta ko‘rib chiqilgan hujjatni esa komissiyaning navbatdagi majlisida ko‘rib chiqish uchun MDHga a’zo davlatlarning Aksilterror markaziga taqdim etish taklif etildi.

Majlisda namunaviy qonun loyihalari, Akvatoriyadagi noqonuniy faoliyatga chek qo‘yish sohasidagi huquqiy tartibga solishni takomillashtirish va MDH ishtirokchi davlatlari chegara organlarining terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ham ko‘rib chiqildi.

MDH namunaviy qonunchiligining 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejasiga muvofiq nazarda tutilgan “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida”gi namunaviy qonun loyihasi konsepsiyasi loyihasini ishtirokchi davlatlar parlamentlariga ekspert xulosalarini olish uchun hamda takomiliga yetkazilgan hujjatni komissiyaning navbatdagi majlisida ko‘rib chiqish uchun ishlab chiquvchiga yuborish taklif etildi.

MDH parlamentlararo assambleyasi komissiyalari 2023 yildagi faoliyatini sarhisob qilib, ish rejasini hamda 2024 yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasini amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

 

N.Abduraimova,

O‘zA