Xorijda ishlovchi fuqarolar muammolarga duch kelsa, qayerga murojaat qilishlari kerak? (+video)

268

Bugungi kunda 2 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarolari xorijda mehnat migranti sifatida yashamoqda.

Ular ishlash, yashash jarayonida muammolarga duch kelsa, qayerga murojaat qilishlari va qanday yordam olishlari mumkinligi xususidagi savolga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassisi Alisher Qodirov quyidagicha izoh berdi.

—Xorijda ishlash jarayonida og‘ir hayotiy vaziyat yoki turli muammolarga uchragan fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining rasmiy sahifalariga, qisqa raqamlar orqali o‘zlari yoki oila a’zolari tomonidan murojaat qilishlari mumkin.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hozirda Rossiya federatsiyasining 16 ta shahrida, Qozog‘iston Respublikasining Chimkent viloyatida, Koreya Respublikasining Kvandju, Turkiyaning Istanbul shahrida vakolatxonalari mavjud.

Mana shu davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolarimiz o‘zlariga yaqin bo‘lgan hududdagi agentlikning vakolatxonalariga tashrif buyurib yoki ishonch telefonlari orqali murojaat qilib, muammolarini bartaraf qilish bo‘yicha yechim topishlari mumkin.

Bundan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida agentlikning hududiy filiallari mavjud bo‘lib, fuqarolarning oila a’zolari ular nomidan murojaat qilish imkoniyati mavjud.

Agentlikning vakolatxonalari mavjud bo‘lmagan davlatlarda esa Tashqi ishlar vazirligining diplomatik muassasalariga murojaat qilishlari tavsiya etiladi. Shuningdek, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab agentlikning tunu kun, ya’ni 24 soat davomida ishlovchi Call-markazi tashkil etilmoqda. Ushbu Call-markazga dunyoning istalgan burchagidan fuqarolar murojaatlarini yo‘llashlari mumkin.

Agentlikka turli masalalar bo‘yicha 500-600 nafar fuqarodan murojaatlar kelib tushadi. Murojaatlar ko‘proq xorij davlatlariga ketish tartiblari, ishlash davrida oylik maoshi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bizga murojaat qilgan fuqarolarga huquqiy, ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

2020 yilgacha Koreya, Qozog‘iston hamda Rossiya davlatiga fuqarolar tashkiliy tartibda yuborilgan bo‘lsa, bugungi kunda agentlik orqali Germaniya, Angliya, Sharqiy Yevropa davlatlari, Birlashgan Arab Amirligi, Yaponiya, dunyoning rivojlangan mamlakatlariga ishlash uchun borishlari mumkin.

Shu bilan birga, joriy yil davomida Angliya, Germaniya, Vengriya, Polsha, BAA va Yaponiya davlatlarida agentlikning vakolatxonalarini ochish rejalashtirilgan. Mart oyida Yaponiyada agentlik vakolatxonasi ochildi.

N.Rahmonova,

N.Abduvoitov (video), O‘zA