Qardosh Ozarbayjon mustaqilligi kuni O‘zbekistonda ham nishonlandi. Ushbu davlatning mamlakatimizdagi elchixonasi va Haydar Aliyev nomli Madaniyat markazi sana munosabati bilan rasmiy qabul uyushtirdi.

– 1991 yil o‘z mustaqilligini yangidan barpo qilgan Ozarbayjon xalqi umummilliy yetakchi Haydar Aliyev olib borgan muvaffaqiyatli siyosat natijasida demokratik va huquqiy davlat qurish yo‘lida yuksak natijalarga erishdi, neft strategiyasi amalga oshirila boshlandi, suveren davlat yuqori sur’atda rivojlanishiga zamin yaratildi, – dedi Elchi Huseyn Guliyev.

Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatidan so‘z ochgan diplomat hamkorligimiz jadal mustahkamlanayotganini ta’kidladi.

Ozarbayjon 1991 yil zamonaviy davlatchilikni tiklagan bo‘lsa-da, chinakam mustaqillikka 1993 yil – xalq ulug‘ yo‘lboshchi Haydar Aliyevni hokimiyatga taklif qilgan paytdan erishdi. Ozarbayjon davlati o‘zini Demokratik Respublikaning siyosiy va ma’naviy vorisi sifatida e’lon qildi. Ulug‘ yo‘lboshchi qutqaruv missiyasini zimmasiga olib, respublikani og‘ir sinovlardan muvaffaqiyatli olib o‘tdi, davlat mustaqilligini saqlab qoldi va mustahkamladi.

Zamonaviy Ozarbayjon 106 yil avval Demokratik Respublika asoschilari orzu qilgan davlatga aylanmoqda. Prezident Ilhom Aliyev rahnamoligida mamlakat har tomonlama va jadal rivojlanmoqda. Bugun ozarbayjon xalqi Mustaqillik bayramini o‘zgacha kayfiyat, quvonch va iftixor tuyg‘usi bilan nishonlamoqda.

Muharrama Pirmatova tayyorladi.

O‘zA