Fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Davlatimiz rahbarining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshiriladi?
Bu savolga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:
– Farmon ijrosi doirasida adliya organlari aholini qiynayotgan huquqiy muammolarni aniqlab, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘radi.
Joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqadi. Fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Tuman va shahar adliya bo‘limlari mahallalarda har oyda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazadi. “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazadi.
Farmonga muvofiq, 2024 yil 1 iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Jumladan, davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi. Huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi.
Nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida “Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, aholining huquqiy ongini oshirish maqsadida mahallalarda haftaning har chorshanba kuni “Huquqiy targ‘ibot kuni” etib belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA