Mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilar to‘qimachilik sohasida erishgan yutuqlarini namoyish etmoqda
O‘zbekiston to‘qimachilik sohasida ulkan natijalarga erishdi. Xususan, bugungi kunda mahalliy to‘qimachilik sanoati jahon bozorlarida muhim o‘rin tutmoqda. Mamlakatimiz korxonalarining mahsulotlari nafaqat an’anaviy bozorlarda, balki Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, hatto Afrika va Lotin Amerikasi bozorlarida sotuvlari miqdori tobora oshib borayapti. Bu esa yildan yilga ishlab chiqarish va eksportning umumiy hajmi o‘sib borayotganidan dalolat beradi.
Bugun Toshkentda o‘z ishini boshlagan “To‘qimachilik va moda sanoati – UzTextile Expo Bahor 2024” 8-xalqaro ko‘rgazmasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ana shunday yutuqlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda O‘zbekiston, Belarus, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Tojikiston, Turkiyadan 250 ta kompaniya to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari bilan qatnashmoqda.
Ko‘rgazma ochilishida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda respublikada yengil sanoatning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarning turlari va assortimentini kengaytirish hamda korxonalarning investitsiya va eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Bu esa ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi va ip kalavani qayta ishlash bo‘yicha ko‘plab quvvatlarni yaratish imkonini berdi.
Yiliga ikki marta o‘tkaziladigan ushbu ko‘rgazma ham ishlab chiqaruvchilarning potensial mijozlari bilan ishbilarmonlik aloqalari, savdo bozorlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun samarali platforma hisoblanadi. Unda ishlab chiqaruvchilar, dizaynerlar va mutaxassislar uchrashib, fikr va tajriba almashishi va so‘nggi ishlanmalari haqida muloqot qiladi. Yana eng muhimi, ushbu ko‘rgazmada to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlarining butun ishlab chiqarish zanjiri – kalava-ipdan tayyor kiyimgacha ishtirokchilar e’tiboriga havola etiladi.
Tashkilotchilar taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, ko‘rgazma ekspozitsiyasidan 60 ta mahalliy korxonaning so‘nggi ishlanmalari va yuqori sifatli mahsulotlari ham joy olgan. Ular orasida “Ideal tekstil orzu” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bor.
–Korxonamiz “Ideal” brendi asosida erkaklar kiyim-kechaklarini ishlab chiqaradi. Hozirgi kunda “Ideal tekstil orzu” mas’uliyati cheklangan jamiyati tarkibida oltita fabrika va ularda ming nafardan ziyod ishchi-xizmatchi mehnat qiladi. Mahsulotlarimiz O‘zbekiston bozoridan tashqari MDH, Turkiya va Yevropa bozorlariga eksport qilinadi, – dedi ushbu korxona bo‘lim boshlig‘i Muhammadjon Qodirov.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA