O‘zbekiston-Vengriya: Arxiv ishi sohasida hamkorlik rivojlanmoqda

315

Vengriya Respublikasi Budapesht shahriga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida bugun “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamda Vengriya Milliy arxivi o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuvlarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi” imzolandi.

Ma’lumki, 2019 yilda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida imzolangan “O‘zarxiv” agentligi bilan Vengriya Milliy arxivi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnomaga muvofiq xorijiy hamkor bilan arxiv ishi va ish yuritish sohasida ishlar o‘rnatilgan tartibda amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, mazkur bayonnoma asosida tomonlarning o‘zaro hujjat almashish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tomonlar arxivlari saqlovidagi O‘zbekiston va Vengriya tarixiga oid bo‘lgan arxiv hujjatlarini aniqlash va ularning nusxalarini o‘rnatilgan tartibda o‘zaro almashishga kelishilgan.

Jumladan, Vengriya Milliy arxivi tomonidan O‘zbekistonga oid 70 ta arxiv hujjatlari nusxalari keltirilgan, xaritalar taqdim etilgan.

Mazkur imzolangan Rejaga muvofiq Vengriya arxivlari bilan hamkorlikda endilikda O‘zbekiston-Vengriya iqtisodiy, ilmiy-madaniy aloqalar tarixini o‘rganish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilishi rejalashtirildi.

Vengriya Milliy arxivi va Budapesht shahar arxivida Ikkinchi jahon urushi yillarida Budapesht shahrini ozod qilishda ishtirok etgan o‘zbek askarlari hamda harbiy asirlari haqida hujjatli ma’lumotlar ham saqlanadi. Shuningdek, mazkur arxivlarda 1960-1980 yillarda Vengriyada o‘tkazilgan O‘zbek adabiyoti va san’ati kunlari to‘g‘risida va madaniy aloqalar tarixiga oid hujjatlar ham saqlanadi. Mazkur hujjatlarni o‘rganish ikki davlat tarixini yoritish bilan birga, moddiy-madaniy boyliklarni asrab-avaylash, istiqbolli hamkorlik rejalarini belgilashga imkon beradi.

Vengriya Milliy arxivi elektron hujjatlar platformasini yaratish, hujjatlarni raqamlashtirish, qayta tiklash va saqlash borasida ham yetakchi tajribaga ega. Ushbu tajribani o‘rganish arxiv ishini takomillashtirishga zamin yaratadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA