–
Ijtimoiy tarmoqda Bishkekda davlat mansabdorlari ishga jamoat transportida ketayotgani aks etgan suratlar tarqalyapti. Yaqinda Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahri meri Aybek Junushaliyevning shahar hokimiyati xodimlari va munitsipal xizmatchilar haftaning seshanba va payshanba kunlari shaxsiy avtomobildan foydalanishini taqiqlash to‘g‘risidagi qarori e’lon qilingan edi.
***
AQSH xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun tufayli Gruziyaga nisbatan viza cheklovi bo‘yicha yangi siyosat joriy qiladi, dedi davlat kotibi Entoni Blinken.
Davlat departamenti bayonotida cheklov, jumladan, fuqolik jamiyatiga qarshi chora qo‘llashga mas’ul shaxslarga tegishli ekani ta’kidlangan.
O‘tgan hafta Gruziya parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat bilan bog‘liq voqealar norozilik aksiyasiga sabab bo‘ldi.
***
Vetnam Xitoy tomonidan Janubiy Xitoy dengizidagi Xoangsha (Parasel) orollari hududiga harbiy shifoxona kemasi jo‘natilishiga norozilik bildirdi. Vetnam Tashqi ishlar vazirligi Axborot va nashrlar departamenti direktori o‘rinbosari Doan Kxak Vet Xanoyda uyushtirilgan brifingda shu haqda ma’lum qildi.
– Vetnam Xoangsha orollari ustidan suvereniteti buzilishiga sabab bo‘ladigan har qanday faoliyatga keskin norozilik bildiradi, – degan mulozim.
***
Prezident Ibrohim Raisiy vertolyoti tepalikka urilib halokatga uchragan, deya xabar tarqatdi “Tasnim” agentligi Eron Islom Respublikasi Qurolli kuchlari Bosh shtabi matbuot xizmati bayonotiga tayanib.
– Uchoq tarkibiy qismlarida o‘q izi yoki shunga o‘xshash ziyon yetgan belgilar topilmadi, – deyilgan bayonotda.
Aniqlik kiritilishicha, qulagan vertolyot uchuvchisi kortejdagi boshqa ikki uchoq boshqaruvchilari bilan aloqada bo‘lgan.
Eron Prezidenti bilan vidolashuv marosimida 3 millionga yaqin kishi ishtirok etdi.
Raisiy o‘tgan payshanba kuni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Mashhadda dafn qilindi. Mazkur shahar mamlakat shimoli-g‘arbida Xuroson-Rizoviy muzofotida joylashgan.
***
Meksikada saylov oldi kampaniyasi doirasida uyushtirilgan mitingda sahna qulab tushdi. Natijada to‘qqiz kishi, jumladan bir bola halok bo‘lib, o‘nlab odam jarohat olgan.
Ommaviy axborot vositalari xabarida mamlakat shimolidagi Nuevo-Leon shtatida “Fuqarolar harakati” partiyasi saylov oldi yig‘ini payti kuchli shamol ulkan sahnani ag‘darib yuborgan.
“Taxminan 50 kishi jabrlandi”, deb yozgan shtat gubernatori Semyuel Garsiya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Meksikada prezident saylovi 2 iyunga belgilangan.
***
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk 2025 yil o‘tadigan prezident saylovida ishtirok etishni xohlamayapti.
“Prezident sayloviga nomzodimni qo‘ymayman”, – dedi Tusk “TVP Info” telekanalida chiqish qilib.
U Varshava meri Rafal Tshaskovskiyni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Umuman, Polshada yetakchi siyosatchilarning hech biri hali prezident saylovida ishtirok etishini e’lon qilgani yo‘q.
***
Mamlakatni modernizatsiyalash Xitoy Kommunistik partiyasining har tomomnlama rahbarligi ostida amalga oshirilishi tkerak. Bu fikrni XXR Raisi, Xalq partiyasi Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi Si Szinpin Shandun provinsiyasi ma’muriy markazi Szinanda ishbilarmon doira vakillari va professorlar bilan kechgan uchrashuvda aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy mamlakatning modernizatsiyalashuviga to‘sqinlik qilayotgan mafkuraviy va institutsional to‘siqlarni bartaraf qilish uchun keskin qadamlar tashlashi kerak.
***
AQSH “Marinette Marine” kompaniyasi bilan 2030 yilgacha ikkita raketa tashiydigan fregat yaratish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deb bayonot berdi Pentagon.
– Viskonsindagi “Marinette Marine” korporatsiyasi qiymati 1,044 milliard dollarlik ikkita raketali fregatni loyihalash va qurish uchun buyurtma oldi, – deyilgan tashkilot tarqatgan xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, bu yerda gap “Konstelleyshn” sinfidagi boshqariladigan raketa quroli bilan jihozlangan ko‘p maqsadli kema haqida ketmoqda.
S.Rahimov, O‘zA