Sankt-Peterburg shahri vitse-gubernatori bilan uchrashuv

271

Toshkent shahar hokimligida Sankt-Peterburg shahri vitse-gubernatori Oleg Ergashev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov, hokim o‘rinbosarlari, tibbiyot va ta’lim sohasidagi mutasaddilar ishtirok etdi.

Ma’lumki, mamlakatimiz va Rossiya ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi yuksak darajasi va o‘ziga xosligi, davlatlararo hamkorlikning barcha soha va yo‘nalishlarini qamrab olgan. Bu borada kuni kecha ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarida ham ta’kidlandi.

Shunga ko‘ra, uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining ochiqlik siyosati natijasida Toshkent shahri bilan Rossiya Federatsiyasi hududlari o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratilgani aytildi va bu imkoniyatdan to‘laqonli foydalanish zarurligi qayd etildi.

Iqtisodiyot, investitsiyalar, biznes, sanoat sohalari bilan bir qatorda ijtimoiy sohalarda ham hamkorlikni, o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Vitse-gubernator Toshkent shahrida bo‘lib turganidan xursandligini va istiqbolda ko‘plab yangi loyihalar orqali hamkorlik qilish taklifini bildirdi. Jumladan, yaqin kunlarda rossiyalik pediatriya, onkologiya sohasi mutaxassislari O‘zbekistonga o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish uchun yuborilishini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida taraflar samarali hamkorlik uchun muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA