Toshkentda “Mebel Expo Uzbekistan 2024” ko‘rgazmasi ish boshladi (+video)

399

Joriy yilning 28 may kuni “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Ishlab chiqarish texnologiyalari. Yog‘ochsozlik. Mebel va butlovchi qismlar – Mebel Expo Uzbekistan 2024» 20-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi. Unda 14 mamlakatdan 144ta kompaniya ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma pavilonlarida zamonaviy yog‘ochsozlik va mebel, butlovchi qismlar, kimyoviy vositalar, furnitura, aksessuarlar, tayyor mebellar va ishlab chiqarish uchun zarur uskunalar namoyish qilindi.

Unda Avstriya, Turkiya, Rossiya, Belarus, Germaniya, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston kabi davlatlarning nufuzli kompaniyalari sohaning eng so‘nggi yangiliklari, o‘z xizmatlari va mahsulotlarini taqdim etdi.

Aytish kerakki, mazkur ko‘rgazma tayyor mebel mahsulotlari, interer buyurtmalari va dekor sektoridagi yetkazib beruvchilar va istiqbolli hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish va aloqalarni o‘rnatish uchun qulay maydondir.

Bu yerda yog‘ochsozlik va mebel ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyali zamonaviy uskunalarni sotib olish, birinchi qo‘ldan uni ishlatish bo‘yicha maslahat olish, Yevropa va Osiyo yetakchilarining sifat kafolati bilan yog‘ochni qayta ishlash vositalarining keng to‘plami bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi.

Yana bir e’tiborli tomoni ko‘rgazmada ilk bor alohida zalda xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilardan mebel kimyosi mahsulotlari, yelimlar, lak-bo‘yoqlar va yog‘ochga ishlov berish uchun qoplamalarning ko‘plab namunalari taqdim etildi.

Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA