Xabar berganimizdek, Xitoyning Tayyuan shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasida “G6” tasnifiga kiruvchi Gran-Pri turniri davom etmoqda.

Kecha o‘tkazilgan shiddatli bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan Ulug‘bek Rashitov, Niyoz Po‘latov, Shuhrat Salayev, Jasurbek Jaysunov va Feruza Sodiqova g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

So‘nggi bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, 68 kilogrammda Ulug‘bek Rashitov, 80 kilogramm vaznda Jasurbek Jaysunov bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Bugun, 12 oktyabr kuni xalqaro turnirning so‘nggi kunida terma jamoamizning ikki a’zosi Nikita Rafalovich hamda Svetlana Osipova g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Nikita Rafalovich tunislik Motaz Ifauyiga qarshi bahs bilan musobaqaga kirishsa, Svetlana Osipova braziliyalik Rayani Pereyra bilan dastlabki bosqichda ro‘baro‘ keladi.

Umid qilamizki, kegachi 2 ta bronza medali yoniga Rafalovich va Osipova oltin medallarni qo‘shadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA