Qatarda shaxmat bo‘yicha “Qatar Masters Open” xalqaro turniri davom etmoqda.

Kecha, 11 oktyabr kuni mukofot jamg‘armasi 108 ming 250 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning 1-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

FIDE reytingida 2300 balldan yuqori natijaga erishgan shaxmatchilar ishtirok etayotgan musobaqaning ilk turida iste’dodli shaxmatchilarimizdan Nodirbek Abdusattorov polshalik Yakub Zsemanni, Javohir Sindorov hindistonlik Antonio Dkunya Vianini, Nodirbek Yoqubboyev hindistonlik Gorv Gaurni, Jahongir Vohidov bangladeshlik Muhammad Faxad Rahmonni, Shamsiddin Vohidov hindistonlik Jaiveyer Maxendruni mag‘lubiyatga uchratdi.

Shuningdek, umidli yoshlarimizdan Bahrom Bahrillayev, Muhiddin Madaminov va Abdumalik Abdusalimov raqiblarini mag‘lub etib, 1 ochkoga ega bo‘lishgan bo‘lsa, Muhammadzohid Suyarov va Almas Rahmatullayev durangga erishdi.

Bugun, 12 oktyabr kuni xalqaro turnirning 2-turida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Eron vakili Said Xalil Musavi, Javohir Sindorov qozog‘istonlik Kazibek Nagerbek, Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda hindistonlik Shardul Gagarega qarshi dona suradi.

31 ta mamlakatning 158 nafar shaxmatchisi qatnashayotgan “Qatar Masters Open”ning dastlabki bosqichida g‘alabaga erishgan yosh shaxmatchilarimiz Muhiddin Madaminov eronlik Parxam Magsudlu bilan, Abdumalik Abdusalomov qora donalarda hindistonlik Arujan Erigaysi bilan, Bahrom Bahrillayev hindistonlik Pranav bilan bahslashadi.

Eslatib o‘tamiz, 21 oktyabrga qadar davom etadigan xalqaro turnir 9 turdan iborat bo‘lib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 25 ming, 2-o‘rin sohibi 15 ming va uchinchi o‘rin sohibi 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA