O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) institutlari, xususan, YUNISEF bilan munosabatlari faollashib bormoqda. O‘zaro hamkorlikda mamlakatimizda qator yirik qo‘shma tadbir va loyihalar amalga oshirilayotir.

Bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar samarasini ta’minlashda tuzilmaning alohida o‘rni bor.

Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis bilan uchrashuvida alohida qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va YUNISEF o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlari ko‘rib chiqildi. Aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Muloqot davomida perinatal salomatlik, bolalar o‘sishi hamda rivojlanishi holatini o‘rganishga oid 2024 – 2025 yillarda Oziqlanish bo‘yicha ikkinchi milliy tadqiqotni o‘tkazish, bolalarda irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, shuningdek, bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish borasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Ta’lim, inklyuziv ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarining huquqiy-institutsional asoslarini takomillashtirish borasida ham fikr almashildi.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS)ni o‘tkazish qamrovini yanada kengaytirish hamda ushbu tadqiqotga mutasaddi davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini yanada keng jalb qilish yuzasidan sa’y-harakatlarni birlashtirishga kelishildi. Shuningdek, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ijro etish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini yaqin fursatda qabul qilish zaruratiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning YUNICYeF bilan konstruktiv hamda samarali hamkorligini amaliy loyihalar bilan mustahkamlashga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA