Bugun imkoni bo‘lgan har bir fuqaro Toshkent shahridan uy olishga harakat qiladi. Buning sababi esa poytaxtda yaratilgan infratuzilmalar bilan bog‘liq. Qolaversa, sotib olingan uyni ijaraga berish qo‘shimcha daromad olish imkonini ham beradi.

Biroq poytaxtda yashashga bo‘lgan talab qanchalik oshsa, bu yerdagi uy-joylarning narxi ham shunga yarasha bo‘ladi. Deylik, bundan besh oy oldingi vaqtni bugungi kun bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, Toshkentda hovli yoki ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar sezilarli darajada qimmatlagan.

Tahlillarga ko‘ra, Toshkentda uy-joy narxi yanada qimmatlashishi mumkin ekan. Xo‘sh, bu faqat talabga bog‘liqmi yoki boshqa omillar ham sabab bo‘lishi mumkinmi?

Ushbu savolga Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Jasur Jalolov quyidagicha javob berdi:

– Shu talablardan kelib chiqib, MHTI mutaxassislari joriy yilning avgust oyi uchun Toshkent shahridagi uy-joy va undan olinadigan ijara narxlarining daromadliligini tahlil qildi.

Uy-joyga kiritiladigan investitsiyadan olinadigan daromad ikki qismga bo‘linadi: bu – uy-joy narxining oshishi (tushishi) keltiradigan foyda (zarar) va uy-joyni ijaraga berishdan olinadigan daromaddir.

Hisob-kitob natijalariga ko‘ra, 2023 yilning avgust oyida uy-joy o‘rtacha narxining o‘tgan yil avgust oyidagiga nisbatan eng yuqori o‘sishi Yunusobod (37,1 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (35,7 foiz) tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, nisbatan pastroq o‘sish Sergeli (27,8 foiz) va Olmazorda (24,4 foiz) kuzatildi.

Bundan tashqari, ko‘chmas mulk egalarining uylarini ijaraga berishi natijasida Mirzo Ulug‘bek (12 foiz) va Chilonzor (10,6 foiz) tumanlarida eng yuqori daromad olinayotgan bo‘lsa, nisbatan pastroq daromad Sergeli (8,5 foiz) va Uchtepa (8,2 foiz) tumanlariga to‘g‘ri kelgan. Joriy yilning avgust oyida xonadonni ijaraga berish tufayli olinadigan daromad Toshkent shahri bo‘yicha 10 foizni tashkil etdi.

Ta’kidlash kerakki, 2023 yilning sentyabr oyida “Global Property Guide” nashri tomonidan 58 ta davlat uchun uy-joyni ijaraga berishdan olinadigan o‘rtacha daromad reytingi e’lon qilingan.

Agar bu reyting ro‘yxatiga Toshkent shahri (10 foiz) ham kiritilganida Gruziyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lar edi. Mazkur reytingda Gruziyadan keyingi o‘rinlarni Janubiy Afrika Respublikasi (9,9 foiz), Irlandiya (8,1 foiz), Puerto-Riko (8,1 foiz), Latviya (7,8 foiz), Kolumbiya (7,7 foiz), Marokash (7,6 foiz), Indoneziya (7,6 foiz) va Litva (6,7 foiz) davlatlari egallagan. Tumanlar va uylar bo‘yicha ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar narxining o‘zgarishidan olinadigan foyda va ijara daromadlarining birgalikdagi ta’siri baholanganda, 2 va 3 xonali turar joylar investitsiyalarning daromadliligi nuqtai nazaridan istiqbolli bo‘lib chiqdi.

Bunday uy-joylar ijarasidan kelayotgan daromadning o‘zi o‘rtacha 10 foizni tashkil etmoqda. Xuddi shu davr mobaynida muddati bir yildan ortiq bo‘lgan xorijiy valyutadagi bank depozitlarining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2022 yilning avgust oyidagi 4,3 foizdan 2023 yilning avgust oyida 5,5 foizga oshgan.

Xulosa shuki, uy-joy narxining oshishiga bir tomondan unga bo‘lgan ehtiyojning ortishi sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan ijaraga berish tufayli olish mumkin bo‘lgan daromadning jozibadorligi aholi jamg‘armalarining ko‘chmas mulkka yo‘naltirilishini yanada rag‘batlantiradi. Bu esa uy-joyga bo‘lgan talabni oshirib, ular narxining yanada qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

O‘zA muxbiri 
Nasiba Ziyodullayeva 
yozib oldi.