Bugungacha 19-Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan 19 ta sport turidagi musobaqalar poyoniga yetib, sarhisob qilinmoqda, qolgan sport dasturlarida esa shiddatli musobaqalar davom etmoqda.
Aytish lozim, dunyodagi aksariyat axborot vositalari xabarlarining katta qismini Osiyo o‘yinlari mavzusi qamrab olgan.
Bugun, ya’ni 6 oktyabr kuni “Xanchjou-2022” o‘yinlarida o‘tkaziladigan musobaqalar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, “kichik olimpiada”ning 13-kungi bellashuvlarida 28 ta sport turi bo‘yicha bahslar davom ettiriladi. Uning 17 tasida medallar uchun murosasiz kurashlar bo‘lib o‘tadi.
Mamlakatimiz sportchilari 9 ta sport turida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazishadi, 20 taga yaqin yakkalik hamda 6 tadan ziyod jamoaviy yo‘nalishlarda qatnashadi.
Osiyo o‘yinlari tarixida yarim final ostonasigacha bo‘lgan yo‘lni mardonavor bosib o‘tib, ayollar futbolida yangi sahifa ochgan o‘zbekistonlik futbolchi qizlar Xitoy jamoasi bilan bronza medali masalasini hal etish uchun maydonga tushadi.
Vilana Savadyan, Yevelina Atalyans, Taxmina Ikromovadan iborat badiiy gimnastikachilarimiz, Bekzod Qurbonov, Xurshidbek Alimjonov, Bahromjon Gaziyevdan iborat chavandozlarimiz yakkalik va jamoaviy bahslarda ishtirok etishadi. Shuningdek, shaxmatchi yigitlar va qizlarimiz Osiyo o‘yinlarining 8-turidagi bahslarini o‘tkazadi.
Yakkalik musobaqalarda Ulug‘bek Aliboyev, Samarbek Hamroyev, Zulxumor Tursunaliyeva karateda, Umid Saydullayev, Fahad Almarri, Feruzbek O‘roqov jiu-jitsuda, Abbos Rahmonov, Nodirjon Safarov erkin kurashda, Svetlana Oqnazarova, Firuza Esanboyeva, Dilfuza Aimbetova ayollar kurashida, Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nuruddinov, Rigina Adashboyeva og‘ir atletikada, Anvar Klevleyev, Alibek Temirgaliyev slalomda eshkak eshishda, Diana Onkes, Ziyodaxon Toshxo‘jayeva sinxron suzishda, shuningdek, ot sporti, breyk-dans musobaqalarida ham bir qator sportchilarimiz medallar uchun bahs olib boradi.
Umumiy medallar jamg‘arish holatiga nazar tashlasak, Xitoy (179-99-55), Yaponiya (44-54-60), Janubiy Koreya (33-47-77), Hindiston (21-32-33), O‘zbekiston (19-16-25), Xitoy Taypeyi (15-15-23), Shimoliy Koreya (10-16-9) Tailand (10-14-27), Bahrayn (10-2-5), Eron (8-17-17) davlatlari kuchli o‘nlikni band qilib turibdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA