Ma’lumki, parlament palatalari faoliyatiga oid qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinmoqda. Ushbu qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan yangiliklar keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Bu boradagi muhokamalarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev munosabat bildirib, muddatidan ilgari parlament saylovi bo‘lib o‘tmasligini qayd etgan:

“Ayni paytda ayrim hamyurtlarimizda parlament saylovi muddatiga oid va boshqa mazmundagi savollar uchrab turibdi. Avvalo aytish kerak, mazkur qonun loyihasi bilan 14 ta qonun (jumladan Saylov kodeksi)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda.

Xo‘sh, bunga qanday zarurat bor edi? Konstitutsiyamizga parlament palatalarining vakolatlari va huquqlariga oid yangi normalar kiritilgan edi, lekin bu normalar tegishli qonun va qonunosti hujjatlarda mavjud emas. Bu boradagi bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida bir guruh deputatlar o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishdi va Palataga kiritishdi.

Ikkinchi eng ko‘p uchragan savol — parlament palatalarining o‘zini o‘zi tarqatib yuborishi haqidagi norma parlament saylovi muddatidan ilgari o‘tkazilishini anglatadimi? Yo‘q. Qonun loyihasida ushbu vakolatning belgilanayotgani joriy yilda muddatidan ilgari parlament saylovi bo‘lib o‘tishini anglatmaydi. Qonun loyihasi endigina mas’ul qo‘mita va fraksiyalar yig‘ilishlarida konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi. Ertaga bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda birinchi o‘qishda ko‘rilib, deputatlar tomonidan qabul qilingan taqdirda, qonun loyihasi matni jamoatchilikning taklif va mulohazalarini olish uchun Qonunchilik palatasining saytiga joylashtirilishi rejalashtirilgan. Jamoatchilik muhokamasidagi takliflar, fikrlar asosida qonun loyihasi takomillashtiriladi.

Bundan tashqari, qonun loyihalari mas’ul qo‘mita, fraksiyalar, umuman yalpi majlisda kamida yana ikki bosqichli muhokamalardan o‘tadi va Senatga ma’qullash uchun yuboriladi. Senat ma’qullagach esa Prezident imzolaydi va kuchga kiradi.

Qonun ijodkorligining o‘ziga xos jihatlariga birma-bir to‘xtalganimning sababi shundaki, toki bu qonun loyihasi parlament palatalari va Prezident tomonidan qabul qilinib, kuchga kirguniga qadar bo‘lgan oraliq vaqt qisqa emas, bu esa joriy yilda muddatidan ilgari parlament saylovi bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqidagi “bashorat”lar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini yana bir isbotlaydi”, deya qayd etgan Spiker o‘rinbosari.

Darhaqiqat, mazkur qonun loyihasi parlament palatalarining faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Uni yanada takomillashtirish maqsadida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

 

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova tayyorladi.