O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida Koreya-O‘zbekiston parlament do‘stlik assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarda parlamentlarning hamkorligini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi. Parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida do‘stlik guruhlarining navbatdagi uchrashuvini 2024 yil Seul shahrida o‘tkazish taklif qilindi.

Oliy darajadagi kelishuvlar (“yo‘l xaritalari”) va O‘zbekiston – Koreya hamkorligining barcha yo‘nalishlari ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash maqsadida Senat Raisi boshchilik qiladigan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiya o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish, mintaqa ekotizimini yaxshilash borasidagi loyihalar tomonlar diqqat markazida bo‘ldi.

* * *

Senati Raisi T.Norboyeva tashrif doirasida Koreya Respublikasidagi o‘qituvchilar, talabalar, tadbirkorlar, IT kompaniyalari mutaxassislaridan iborat bir guruh vatandoshlarimiz bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda ijtimoiy mehnat munosabatlarini rivojlantirish, xorijda ta’lim olib, mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun munosib sharoitlari yaratish, ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli huquqiy himoya qilishni ta’minlash xususida so‘z bordi.

Senat Raisi vatandoshlarimizning O‘zbekistonda turli sohalarda tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida olib borayotgan izlanishlari bilan qiziqdi. Bunda asosiy e’tibor ta’lim, tibbiyot va innovatsiyalarga qaratildi.

Samimiy ruhda o‘tgan suhbat davomida ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda kadrlar tayyorlash, ta’lim, yoshlar va boshqa sohalarga doir qator masalalar ko‘tarilib, amaliy takliflar bildirildi.

Ta’lim bo‘yicha Koreya tajribasini batafsil o‘rganish, davlat organlari xodimlarini xorijiy davlatlar, xususan, Koreya Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida bilim olishlari uchun tanlov tizimini takomillashtirish, shuningdek, koreys tajribasi misolida o‘zbek tilining lug‘at bazasini muntazam yangilab borish va kengaytirish kabilar shular jumlasidandir.

Uchrashuv yakunida Senat Raisi bildirilgan takliflarning amalda o‘z ifodasini topishi uchun zarur imkoniyatlarni ishga solishini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, Koreyada ta’lim olayotgan va o‘z kasbiy faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz bilim va tajribalarini kelajakda yurt ravnaqi va taraqqiyoti uchun qo‘llashga tayyor ekanini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA