Bugungi kunda metro eng qulay va xavfsiz jamoat transport vositalaridan biri hisoblanadi. Har kuni millionlab yo‘lovchilar metro xizmatlaridan foydalanadi.

Ilk metro

Dunyodagi eng qadimgi metro, Buyuk Britaniyaning London shahridagi metro hisoblanadi. U 1863 yildan beri faol xizmat qilib keladi. London metrosi 11 ta yo‘nalish va 270 dan ortiq stansiyalardan iborat. Bu nafaqat eng qadimgi, balki Angliya poytaxtining ramzi va o‘ziga xos diqqatga sazovor joyi ham hisoblanadi.

Eng katta metro

Dunyodagi eng katta metro Yaponiyaning Tokio shahridagi metrodir. Tokio metrosi har kuni 10 millionga yaqin yo‘lovchi tashiydi. Yaponiya poytaxtida 37 milliondan ortiq aholi istiqomat qilishini hisobga olsak, bu juda katta raqam. Tokio metropolitenida 13 ta liniya va 290 dan ortiq bekat mavjud.

Eng chuqur metro

Dunyodagi eng chuqur metro Shimoliy Koreyaning Pxenyan shahridagi metro. Uning ba’zi stansiyalari yer yuzidan 100-110 metrdan ko‘proq chuqurlikda joylashgan. Pxenyan metrosi ikkita yo‘nalish va 17 ta bekatdan iborat.

Eng uzun metro

Dunyodagi eng uzun metro Xitoyning Shanxay shahridagi metro hisoblanadi. Uning uzunligi 743 kilometrdan oshadi. Bu Shanxayning deyarli barcha hududlarini qamrab oladigan va hatto uning chegaralaridan tashqarisiga ham chiqadigan ulkan tarmoq. Shanxay metrosi 23 ta yo‘nalish va 457 dan ortiq bekatlardan iborat bo‘lib, uni dunyodagi eng murakkab va tarvaqaylab ketgan metrolardan biri deyish mumkin.

Kechayu kunduz ishlaydigan metro

Bu Daniya poytaxti Kopengagen metrosi. Kopengagen metrosi uzluksiz 24 soat ishlaydigan dunyodagi yagona metro hisoblanadi. 2009 yilning 16 martidan buyon ana shunday rejimda ishlaydi . Yo‘lovchilar tungi poyezdni 20 daqiqagacha kutishi kerak bo‘ladi, tig‘iz vaqtda esa interval oraliq masofa ikki daqiqani tashkil qiladi.

Eng qisqa metro 

Eng qisqa metro liniyasi Venesuelaning Marakaibo shahridagi metro bo‘lib, uzunligi 6,5 kilometr va atigi 6 ta bekatni o‘z ichiga oladi.

Toshkent metrosi

Toshkent metrosi 1977 yil 6 noyabrda ishga tushgan bo‘lib unda dastlab hozirgi Olmazor-Amir Temur xiyoboni yo‘nalishi mavjud edi. Ayni paytda Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 67,5 kmdan ziyod, bekatlar soni 48 ta. Hozirgi vaqtda Yer usti metro yo‘lining davomida yana 2 ta bekatda qurilish ishlari davom etmoqda. Bu bekatlar ishga tushirilgandan so‘ng, Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 70 km dan ortadi va bekatlari soni 50 taga yetadi. Bu ko‘rsatkichlar orqali Toshkent metropoliteni MDH davlatlari metrolari ro‘yxatida Moskva va Sank-Peterburg shaharlaridagi metrolardan keyingi 3-o‘ringa ko‘tariladi. Bugun Toshkent metropoliteni bir kunda o‘rtacha 520-550 ming nafar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda

 

M. Sayfullayev, O‘zA