Bugun – 9 sentyabr kuni milliy terma jamoamiz okean ortidagi Sent – Luis shahridagi “Siti park” stadionida AQSH terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkaadi.
Parij – 2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi futbolchilari esa Toshkentda o‘tayotgan U – 23 Osiyo kubogi saralashining 2 – tur o‘yinida Gonkong termasiga qarshi maydonga tushadi.
AQSH futbol maydonida bo‘ladigan o‘yin O‘zbekiston vaqti bilan 9 sentyabrdan 10 sentyabrga o‘tar kechasi soat 02:30da boshlanadi.
Aytish lozimki, AQSH terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingida 11, mamlakatimiz terma jamoasi esa 74 – o‘rinda bormoqda.
Kecha mazkur uchrashuv oldidan AQSH terma jamoasi bosh murabbbiyi Gregg Berxalter jurnalistlarga bergan intervyusida keyingi uch yil davomida Amerika terma jamoasi uchun turli darajadagi o‘rtoqlik o‘yinlarida, musobaqalarda qatanshish maqsad qilinganini va tayyorgarlik rejasi kuchaytirib borilayotganini aytib, O‘zbekiston terma jamoasi bilan ilk bor uchrashuv o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Aytish lozim, O‘zbekiston AQSHning futbol terma jamolari bilan uchrashuvlaridagi 101 – raqibi sanaladi. Ikki davlat o‘smir futbolchilari 2011 yilgi jahon chempionatida ro‘baro‘ kelishgan. Shuningdek, ayollar terma jamoalari o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan.
AQSH terma jamoasiga qarshi o‘yinda mamlakatimiz terma jamoasi to‘liq oq libosda, darvozabonimiz qora libosda maydonga tushadi.
Poytaxtimizdagi “Jar” stadionida U – 23 Osiyo kubogi saralashining 2 – turidagi O‘zbekiston – Gonkong terma jamoalari o‘yini xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, mazkur bahsni suriyalik Hanna Hattab boshqarib boradi. Unga qanotlarda iordaniyalik Ali Ahmad hamda koreyalik Bang Giyol ko‘maklashadi.
Timur Kapadze bosh murabbiyligidagi olimpiyachilarimiz maydonda oq libosda harakatlanadi.
T. Ro‘ziyev. O‘zA