Arxiv hujjatlari xalqimizning ma’naviy hayotini, yurtimizning tarixiy, ilmiy va madaniy jihatlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois ham mamlakatimizda arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish, shuningdek, Milliy arxiv fondini boyitish borasida ijobiy ishlar amalga oshirildi. Arxiv ishi va ish yuritish sohasida zarur infratuzilma yaratildi.
Parlament quyi palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida arxiv faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan hujjat — “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Arxivlar mamlakatimiz tarixi, xalqimiz o‘tmishi va hayotiga daxldor bo‘lgan hujjatlar saqlanadigan muhim maskan, — deydi fraksiya a’zosi A.Akromov. — Yurtimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun arxiv hujjatlarining to‘liqligi, ularni hisobga olish va saqlashga qo‘yiladigan talablar soddalashtirildi. Arxiv hujjatlari muddatlari qayta ko‘rib chiqilib, ularning uzoq muddat saqlanishi lozim bo‘lgan turlari qisqartirildi. Shu bilan birga, bugungi kunda nodavlat elektron arxivlar tashkil etishni tartibga soluvchi tartib-taomillarni soddalashtirish zarurati mavjud.
Mazkur qonun loyihasi bilan hujjatlarni elektron arxivlash (saqlash) xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat arxivlarning ma’lumotlar uzatish tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olish talabini xabardor qilish tartib-taomiliga o‘tkazishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda. Qayd etish joizki, qonun loyihasi nodavlat arxivlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda fikr-mulohaza va takliflarini bildirib, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladilar. Kun tartibidagi boshqa masalalar ham qizg‘in muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA