Elektr energiyasini tejash borasidagi ishlar o‘rganildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan elektr energiyasini tejash, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari Nukus tumanida joylashgan “Kattagar-kotlavan” nasos stansiyasida bo‘lib, amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 14 iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur nasos stansiyasiga soatiga 110 kVt elektr energiya sarflaydigan nasos agregati o‘rniga zamonaviy kam quvvatda ishlaydigan quvvatliligi soatiga 22,5 kVt bo‘lgan 3 dona “Shimge” nasos agregati o‘rnatildi. Ushbu nasos agregatlarining o‘rnatilishi natijasida soatiga 87,5 kVt elektr energiya iqtisod qilinadi.
Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasida rejalashtirilgan chora-tadbirlar doirasida nasos agregatlarini bosqichma-bosqich yangisiga almashtirish va suv chiqarish qobiliyatini oshirish orqali energiya tejamkorlikka erishish bo‘yicha Xo‘jayli, Taxiatosh, Chimboy, Qorao‘zak, Kegayli tumanlarida 1 tadan, Qo‘ng‘irot tumanida 2 ta, jami 7 ta nasos agregati yangisiga almashtirildi.
Bundan tashqari elektrodvigatellarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish bo‘yicha Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot, Taxiatosh, Qorao‘zak, Kegayli va Amudaryo tumanlarida bitta, jami 6 dona elektr dvigatel yangisiga almashtirilib, 189 ming 789,2 kVt soat elektr energiyasi tejaldi. Shuningdek, nasos stansiyalarining elektr energiyasiga o‘z ehtiyoji (xususiy ehtiyoji) uchun Xo‘jayli tumanida 2(4 kVt), Kegeyli tumanida 1 (4 kVt), jami 3 dona (8 kVt) quyosh paneli o‘rnatildi va ushbu nasos stansiyalarining o‘z ehtiyojiga (yoritish, yordamchi uskunalarga sarflanadigan energiya) sarflanib turgan 5 ming 184 kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi.
Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, joriy yilda grant asosida Orolbo‘yining suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan Taxtako‘pir, Qorao‘zak va Chimboy tumanlariga soatiga 110 kVt elektr energiyasini sarflaydigan nasos agregatining o‘rniga zamonaviy kam quvvatda ishlaydigan 6 dona “Shimge” nasos agregatini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Ushbu agregatlar o‘rnatilsa, yiliga 459 ming 900 kVt elektr energiyasining ya’ni 459 million 900 ming so‘m mablag‘ tejalishiga erishiladi.
Nasos agregatlarini bosqichma-bosqich yangisiga almashtirish va suv chiqarish qobiliyatini oshirish orqali energiya tejamkorlikka erishish bo‘yicha 6 ta nasos agregati, 7 dona elektr dvigatel, 16 dona quyosh paneli, 5 dona kondensator qurilmasi, 7 dona chastota o‘zgartiruvchi va 1 dona quyosh suv isitish qurilmasini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu esa 484 ming 795 kVt elektr energiyasini tejash imkonini beradi. Nasos stansiyalarini tashqi investitsiyalar yordamida modernizatsiya qilish bo‘yicha nasos stansiyalaridagi nasos agregatlari, quvurlar, elektr jihozlarini zamonaviylariga almashtirish bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasining “One Cloud China Tech Company” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xitoydan kelgan mutaxassislar tomonidan nasos stansiyalari faoliyati o‘rganib chiqildi va birlamchi hisob-kitoblar tayyorlandi.
Tadbir ishtirokchilari hududdagi nasos agregatlari va elektr tejovchi uskunalar bilan yaqindan tanishdi va bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA