O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
23 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatning uchinchi yalpi majlisida dastlab “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun investitsiya faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatini, xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni amalga oshirish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.
Qonunda mamlakatimizda qulay investitsiyalar muhitini yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni faol jalb qilish, shuningdek, mahalliy va xorijiy investor hamda tadbirkorlarning huquqlarini kafolatlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, aholining sog‘lig‘ini saqlash, sifatli ta’lim, tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishini ta’minlash, qayta ishlash va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, inson huquqlari himoya qilinishini ta’minlash ham ushbu qonunning maqsadlaridan hisoblanadi.
Bundan tashqari, investitsiyalar va investitsiya faoliyatiga oid asosiy tushunchalar, prinsiplar va maqsadlar belgilanmoqda. Xususan, investitsiyalash erkinligi, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, biznesni boshqarish erkinligi hamda mablag‘larni erkin tasarruf etishga doir kafolatlar belgilanmoqda.
Qonun bilan investitsiya hajmiga ko‘ra kichik, o‘rta, yirik, strategik investitsiya loyihalariga imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va imtiyozlar doirasi kengaytirilmoqda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada ustav fondining chet el investitsiyalarini tashkil etishi lozimligi to‘g‘risidagi miqdor 15 foizdan 10 foizga tushirilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi mahalliy va xorijiy investorlarga «yagona darcha» tizimi orqali vakolatli davlat organiga investitsiya takliflari bilan murojaat qilish imkoniyatlarini yaratishga, shuningdek, ularga nisbatan adolatli va teng huquqli tarzda munosabatda bo‘lishga, ularning kafolatlari, huquq va majburiyatlarini davlat tomonidan munosib qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonunning maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonun normalari aholining oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonunda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan.
Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantirish hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, davlat oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eksporti
va importi o‘rtasidagi maqbul muvozanatni saqlash ham oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda.
Unga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish kabi bir qator vakolatlar berilmoqda.
Shuningdek, qonunda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilishi, oziq-ovqat balansini shakllantirish, iste’molchilarning va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda.
Mazkur qonun mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni yagona hujjatga unifikatsiya qilish va tizimlashtirish, ushbu sohadagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati