6 ta tibbiyot institutida “Klinik psixologiya” mutaxassisligi bo‘yicha 2 yillik magistratura yo‘nalishi ochiladi

310

Mamlakatimizda aholi ruhiy salomatligini saqlash borasida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Boisi, bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda insonning ruhiy salomatligi har qachongidanda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimizning 2023 yil 19 iyundagi “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ruhiy holat buzilishini erta aniqlash, aholiga tibbiy-psixologik va psixiatrik yordam ko‘rsatish tizimini samarali yo‘lga qo‘yishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Shuningdek, o‘tgan yili qabul qilingan “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga asosan Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i ishlab chiqilgan bo‘lib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda neyropsixologiya va klinik psixologiyaning dolzarb muammolari” mavzuidagi xalqaro anjumanda ta’kidlanganidek, bulardan ko‘zlangan maqsad yagona, ya’ni tibbiyotdan uzoqlashib qolgan umumiy psixologlar faoliyatini tizimga yaqinlashtirishdan iboratdir. O‘tgan davrda bu borada dadil qadamlar tashlandi va muayyan natijalar qo‘lga kiritildi.

Jumladan, mamlakatimiz tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida “Klinik psixologiya” bo‘yicha magistratura yo‘nalishini ochish masalasi ayni paytda ko‘rib chiqilmoqda. U yo‘lga qo‘yilgach, “Umumiy psixologiya” bo‘yicha boshqa universitet va institutlar bakalavriat bosqichini tamomlagan yoshlar o‘qishni tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Ayni maqsadda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab 6 ta tibbiyot institutida “Klinik psixologiya” mutaxassisligi bo‘yicha 2 yillik magistratura yo‘nalishi ochiladi. Bu orqali sog‘liqni saqlash tizimi uchun yetishmayotgan 3 ming nafar klinik psixologni tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Tadbirda tibbiy va klinik psixologiya hamda psixosomatik tibbiyot yo‘nalishida yoshlarni xorijiy davlatlarning yetakchi ilmiy markazlarida o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yilayotgani ham urg‘ulandi. Masalan, Parijdagi Oliy psixomotor reabilitatsiya institutida bir guruh yoshlarimiz malaka oshirib, psixomotor terapiya hamda reabilitatsiya bo‘yicha maxsus ko‘nikmalarga ega bo‘lib qaytdi.

Endigi bosqichda esa yiliga 25 nafar yosh magistrni ushbu nufuzli ta’lim maskanida o‘qitish rejalashtirilmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA