Tanzila Norboyeva: Investitsiyaga oid qonun jahon bozorida O‘zbekistonning faol ishtirokini ta’minlaydi
Senatning uchinchi yalpi majlisida “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida Senat Raisi Tanzila Norboyeva biz barqaror iqtisodiy o‘sish orqali 2030 yilga borib daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olishni maqsad qilganmiz, deb ta’kidladi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasining 5 ta asosiy g‘oyasidan biri bo‘lgan ushbu maqsadga erishish bo‘yicha davlatimiz rahbari boshchiligida tizimli islohotlar olib borilmoqda.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Soha va tarmoqlarni transformatsiya qilish jarayonlari faol amalga oshirilmoqda. Hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ishga solinmagan imkoniyatlaridan kelib chiqib, katta-katta investitsiyalar jalb etilmoqda. Misol uchun, joriy yilda Toshkent viloyatida 5 milliard Namanganda 4 milliard, Qashqadaryoda 3,5 milliard, Andijonda 3 milliard dollardan ziyod investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan.
– Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur investitsiyalar daromadli ish o‘rinlari sifatida aholining turmush farovonligiga xizmat qiladi, – dedi T.Norboyeva. – Mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, ijtimoiy kafolatlarni ta’minlashda investitsiyalarning ahamiyati juda katta. Xabaringiz bor, yaqinda Prezidentimiz huzurida mazkur yo‘nalishdagi ishlar holati alohida muhokama qilindi. O‘tgan yilda xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil qilgani aytildi. Tog‘-kon, neft-gaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi sohalarida investitsiya 2 karra oshgan. 50 ta tumanga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kirib kelgan. Ayni paytda ayrim soha, tarmoq va hududlarda investitsiya jalb etishga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani ham tanqid qilindi va zarur choralar ko‘rildi.

Xalq vakillari sifatida biz ham bu ishlarda faol ishtirok etyapmiz. Boyovut va boshqa tumanlarda investitsiyalar hajmini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha Senat tomonidan zarur ishlar amalga oshirildi. Nimaga deganda, hudud manfaatlari biz uchun ustuvor. Investitsiyalar esa hudud manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat qiluvchi muhim omildir. Shu ma’noda, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda, investorlar uchun zamon talablariga mos barqaror va qulay shart-sharoitlar yaratishda muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Qonunni qabul qilar ekanmiz, yurtimizdagi islohotlar, ular qaysi sohaga oid bo‘lishidan qat’iy nazar, BRM bilan uyg‘un ekanligini amalda yana bir bor namoyon etgan bo‘lamiz. Sizlarga ma’lumki, O‘zbekiston hozir Jahon savdo tashkiloti a’zoligiga kirish bo‘yicha ishlarning yakuniy bosqichlarini olib bormoqda. Hozir a’zo davlatlar bilan jadal muloqotlar olib borilmoqda va bu qonun ham ana shu tashkilotga a’zo bo‘lishimizga katta hissa qo‘shadi. Bu esa jahon bozorida O‘zbekistonning faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi, – dedi Senat Raisi.
Senator O‘ktam Oxunov qonunda investitsiyalash erkinligi, biznesni boshqarish erkinligi, mablag‘larni erkin tasarruf etish hamda yerdan foydalanish imkoniyatini berishga doir kafolatlar belgilanayotganini ta’kidladi. E’tiborli jihati shundaki, yerdan foydalanish imkoniyatini berish hamda ko‘chmas mulkni sotib olish huquqi kafolati alohida moddalar bilan to‘ldirilib, chet el investori yer uchastkasini 49 yilgacha bo‘lgan muddatga uzoq muddatli ijaraga olish huquqiga ega bo‘lmoqda. Amaldagi qonunchilikda bu muddat 25 yil bilan cheklangan edi.
Senator Quvondiq Sanaqulov qonunning e’tiborli jihati – investitsiya faoliyatini asossiz tekshiruvlardan himoya qilish kafolati alohida modda bilan to‘ldirilgani ekanini qayd etdi. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan investorlar faoliyatining tekshiruvi haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish mexanizmi belgilanmoqda. Endilikda agar vakolatli davlat organi nazorat qiluvchi organlar asoslanmagan axborot taqdim etgan deb hisoblasa, vakolatli davlat organi o‘z vakolatlari doirasida investorlar huquqlarini himoya qilish choralarini ko‘rishga haqli bo‘lmoqda.

Senator Shuhrat Aslanov Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi respublika iqtisodiyotiga chet el investitsiyalarini jalb etishga, chet el investorlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi etib belgilanganini ta’kidladi. Endilikda investitsiya loyihalari tartibsiz, ixtiyoriy ravishda emas, balki respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar tomonidan vakolatli organ bilan oldindan kelishilgan xolda hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy holatini inobatga olib, qanday sohalarda ehtiyoj va salohiyat borligini o‘rganish asnosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Senator Anna Dobrix qonun bilan “investitsiyalarni rag‘batlantirish”, “investitsiyaviy nizo”, “muvofiqlik sertifikati”, “yakka tartibdagi investitsiya faoliyati” va “yagona darcha” tushunchalari kiritilayotganiga e’tibor qaratdi. Qonunda chet el investitsiyalarini rivojlantirish va rag‘batlantirish uchun investitsiyalarni hamda investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish jarayonida chet el investorlari bilan ishlashda “yagona darcha” tamoyili joriy etilishi nazarda tutilmoqda. Endilikda barcha zarur litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish jarayoniga ko‘maklashish maqsadida Investorlar markazi “yagona darcha” vazifalarini amalga oshiradi.
Senator Husan Ermatovning qayd etishicha, Prezidentimiz olg‘a surgan “Inson qadrini ulug‘lash” g‘oyasini amalga oshirish nafaqat iqtisodiy, ayni chog‘da, ijtimoiy hamda siyosiy barqarorlikni ta’minlashni taqozo etadi. Bunda, investitsiyalar jamiyatni barqaror rivojlantirishning bosh manbalaridan biri bo‘ladi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Qonunda investitsiya faoliyatini amalga oshirish ijtimoiy maqsadlarga muvofiq bo‘lishini, shu jumladan, aholining sog‘lig‘ini, milliy xavfsizlikni, atrof-muhitning muhofaza qilinishini, cheklangan tabiiy resurslarning saqlanishini, mehnatning muhofaza qilinishini ta’minlash asosiy maqsadlaridan biri etib belgilanmoqda. Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda investitsiyaviy muhitning yanada yaxshilanishiga, iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA