Qonliko‘l tumanida sayyor qabul

270

Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolarning muammolarini o‘rganish va yechimini topish bo‘yicha tuzilgan respublika ishchi guruhi tomonidan Qonliko‘l tumanida Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Shumanay va Xo‘jayli tumanlaridan kelgan fuqarolar uchun murojaatlar va aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Markaziy bank, Bojxona boshqarmasi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligi va boshqa idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Sayyor qabulda 68 nafar fuqaroning tizimga oid murojaati qabul qilindi va 23 tasi jinoyat, 7 tasi ma’muriy, 35 tasi fuqarolik hamda 3 tasi iqtisodiy sudlovga tegishli masaladir.

Qabulda 36 nafar murojaat egasiga asoslantirilgan huquqiy tushuntirish berildi. Shu kuni jazo o‘tayotgan 5 nafar shaxs taqdimnoma va iltimosnoma asosida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 6 nafar mahkumning o‘talmagan ozodlikdan mahrum qilish jazosi boshqa turdagi yengilroq jazoga almashtirildi. Bir nafar fuqaroga nisbatan to‘plangan jinoyat ishi taraflarning yarashuviga asosan tugatilib, ularning murojaati ijobiy yechim topildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan aliment undirish yuzasidan 7 ta sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratildi. Shuningdek, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash bo‘yicha 4 ta ariza qanoatlantirildi. Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 3 ta tadbirkorlik sub’ektiga sud qarorlari ustidan da’vo qilish tartibi tushuntirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri