O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Ispaniya ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi Madridda o‘z ishini boshlagan “FITUR” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Ushbu muhim tadbir dunyoning turli mamlakatlaridan turizm sohasi mutaxassislari va sayohat ishqibozlarini birlashtirdi.
“FITUR” – eng yirik xalqaro yarmarkalardan biri. Ko‘rgazmada har yili turizm sohasining barcha yo‘nalishlari vakillari turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, tashuvchilar, turizm bo‘yicha idoralar, xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar va boshqalar ishtirok etadi.
O‘zbekiston mazkur xalqaro ko‘rgazmada 2005 yildan beri qatnashib kelmoqda. 2015 yilgi yarmarkada mamlakatimiz milliy stendi “Eng yaxshi stend” maqomiga sazovor bo‘lgan.

O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimiz salohiyatini xorijda ommalashtirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida kompaniyalarimizning sayyohlik mahsulotlari, jumladan, yangi yo‘nalishlar va turpaketlar namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmada o‘zbek milliy musiqasi, xalq og‘zaki ijodi va raqslari keng targ‘ib qilinmoqda. O‘zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlarini namoyish etuvchi materiallar taqdim etilmoqda.
Shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro turoperatorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida B2B va B2G uchrashuvlarini, shuningdek, chet el delegatsiyalari rahbarlari hamda jahon sayyohlik sohasi vakillari bilan muzokaralarni faol o‘tkazmoqda. Ushbu nufuzli tadbir O‘zbekistonning Yevropadagi ustuvor sayyohlik yo‘nalishi sifatida ilgari surilishi va sayyohlar oqimini oshirish uchun yangi platforma bo‘lib xizmat qiladi.
“FITUR” ko‘rgazmasi 26 yanvarga qadar davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA