Turkiya parlamentining asosiy vazifalaridan biri 1980 yildagi harbiy to‘ntarishdan keyin qabul qilingan amaldagi konstitutsiyani yangisiga almashtirish bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an huquq idoralari vakillari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.

“Anadolu” agentligi yozishicha, mazkur tashabbus parlamentning kuzdagi sessiyasida ko‘rib chiqiladi.

“Biz 2011 yildan beri “to‘ntarish konstitutsiyasi”dan voz kechishni rejalab kelamiz. Yangi Asosiy qonun 85 millionlik fuqarolarimizning huquqi va erkinligi himoyasiga qaratiladi. Kuzgi sessiya boshlanishi bilan yangi konstitutsiyaga oid tashabbusni ko‘rib chiqish uchun parlamentga kiritamiz. Siyosiy partiyalar, sudlar, universitetlar, davlat idoralari va barcha fuqarolarni jarayonga munosib hissa qo‘shishga chaqiraman”, degan yetakchi.

Prezident avval ham ikki marta konstitutsiyaga tuzatish kiritish masalasini xalq muhokamasiga olib chiqqan.

2017 yil referendum orqali respublikadagi parlament tizimi prezidentlik tizimiga o‘zgartirilgan.