Bugun Yoshlar ishlari agentligining anjumanlar zalida “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyondalari, taniqli ziyolilar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Marosim avvalida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vaqtincha bajaruvchisi Xolmurod Salimov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yillik bayrami bilan qutlab, mamlakatimizda samarali ijod qilayotgan jurnalistlarni moddiy-ma’naviy jihatdan rag‘batlantirishda bugungi ko‘rik tanlovning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Aytish joiz, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada takomillashtirish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar izchil, zamonga hamohang tarzda davom ettirilayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz, –dedi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vaqtincha bajaruvchisi Xolmurod Salimov. –Joriy yildan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlariga beriladigan pul mukofoti sezilarli ravishda oshirilgani, “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy tanlovini har yilgidan yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotgani sohamizga, ijodkorlarga qaratilayotgan alohida e’tiborning yorqin namunasi deyish mumkin.

Bu yilgi tanlovda ijodiy ishlar 7 ta nominatsiya bo‘yicha o‘tkazildi. “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari”, “TV va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari”, “Internet jurnalistikasi”, “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun”, “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari”, “Tasviriy san’at, foto va dizayn ishlari”, “Kino san’ati asarlari” nominatsiyalari shular jumlasidan. E’tiborli jihati, bu yilgi tanlovning “Internet jurnalistikasi” nominatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Prezident “POOL” markazi boshlig‘i Ziyodulla Jonibekov birinchi o‘ringa loyiq deb topildi.

Yana bir muhim jihat: ushbu nominatsiyalar bo‘yicha jami 345 nafar ishtirokchilarning 1 ming 700 ga yaqin ijodiy ishlari hakamlar hay’atiga baholash uchun taqdim etilgan. Yuborilgan materiallar shaklan va mazmunan rang-barang bo‘lib, ularda islohotlar samarasi, hududlardagi yangilanishlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, “inson qadri uchun” degan g‘oyaning hayotiy ifodasi aniq misollar asosida ochib berishga harakat qilingan. Shuningdek, bugunning dolzarb masalasiga aylangan, barchani birdek mushohadaga chorlaydigan, insonning huquq va manfaatlarini ulug‘lashga xizmat qiladigan muhim mavzular ta’sirchan tarzda yoritilganini alohida qayd etish kerak.

Samimiy ruhda kechgan tadbirda san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA