Munosabat
Aholimizning baxtli va farovon hayot kechirishida ularning huquq va erkinliklarini kafolatlash bilan birgalikda, salomatligini asrash, bunda sifatli tibbiyot xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaratib berish muhim sanaladi.
Shu bois so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimining barcha yo‘nalishlarida bo‘lgani kabi fuqarolarga ko‘rsatilayotgan neyroxirurgiya xizmatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, neyroxirurgiya yo‘nalishida normativ-huquqiy baza va uning tuzilmasi yanada takomillashtirilib, jahon standartlari talablarini hisobga olgan holda neyroxirurgik kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va ularni davolashning zamonaviy usullari amaliyotga keng joriy qilib kelinmoqda.
Shuningdek, davlat tomonidan neyroxirurgiya yo‘nalishi bo‘yicha yosh mutaxassislarni xorijda malaka oshirishi faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu esa yosh shifokorlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lib, keyinchalik olgan tajribalarini O‘zbekiston tibbiyotiga tatbiq qilish imkonini beradi. Albatta, islohotlar qisqa vaqt ichida o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Jumladan, oxirgi 6 yil ichida o‘tkazilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari soni avvallari yiliga 10 000 taga yetmagan bo‘lsa, 2022 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 12 mingtadan ortiqni tashkil qildi.
Xususan, 9 ta yangi jarrohlik amaliyotlari o‘zlashtirildi. Shu jumladan, epilepsiya, bosh miya falaji, insultning oldini olish va o‘tkir davrida davolash, bolalarda retinoblastoma kabi onkologik kasallikda qon tomir orqali ximioterapiya o‘tkazish, bosh miya o‘smalarida bemorlarning uyg‘oq holida va boshqa holatda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
100 nafardan ortiq xorijning yetakchi neyroxirurg-shifokorlari ishtirokida O‘zbekistonda mahorat darslari tashkil etildi. 108 nafardan ortiq mutaxassis o‘z ish joylarida, 20 nafar mutaxassis markazda, 15 nafar mutaxassis xorijda yuqori texnologik amaliyotlar uchun qayta tayyorlandi.
Tele-tibbiyot orqali hududlarda har yili 30 ga yaqin masofaviy tibbiy maslahatlar tashkil qilinib, bemorlarga yashash joyida davolanish imkoniyati yaratib kelmoqda. Bu yo‘nalishda tibbiy buyumlar va dori vositalari bilan ta’minlash ko‘rsatkichi 99 foizga yetkazildi.
Ushbu o‘zgarishlar respublikaning barcha hududlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, neyroxirurg shifokorlar maktabini shakllantirish va rivojlantirish, neyroxirurgik kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va ularni davolash sohasida ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish imkonini berdi.
Natijada ilgari faqat respublika markazida bajariladigan jarrohlik va davolash amaliyotlarining qariyb 40 foizi hududlarda amalga oshirilishiga erishildi. Neyroxirurgiya xizmatining ko‘lami va hajmi, tibbiy xizmat sifati viloyatlarda ortib borayotganligi yuzlab aholi uchun qo‘shimcha imkoniyat eshiklarini ochib bermoqda.
Ya’ni endi bemorlar xorijga davolanish uchun chiqmasdan, respublikamizning olis hududlaridan poytaxtga kelib, uzundan-uzun navbatlarda turmasdan, ham vaqtini, ham iqtisodiy imkoniyatini tejagan holda o‘z hududida ushbu xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, hududlarda yaratib berilgan zamonaviy diagnostika imkoniyatlari sabab kasallikni barvaqt aniqlash va o‘z vaqtida nojo‘ya ta’sirining oldini olish imkoniyati yaratildi.
Xulosa qilib aytganda, sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga qaratilgan ushbu chora-tadbirlarining barchasi bemorlarga muvaffaqiyatli davolanish va o‘z sog‘ligini tiklash imkonini yaratib bermoqda.
Mavluda Adhamjonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA