Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning aytishicha, mamlakat kelgusida falastinlik sheriklar bilan aniq takliflarga asoslangan hamkorlik masalasini ko‘rib chiqishga tayyor. Bu fikr qardosh davlat yetakchisiningFalastin davlati tashqi ishlar va muhojirlik ishlari bo‘yicha vaziri Riyod Al-Malikiy bilan uchrashuvda aytilgan.
Suhbat chog‘ida diplomat davlat rahbariga Prezident Mahmud Abbosning Falastinga tashrif bilan kelish taklifini yetkazdi va o‘z mamlakatining davlatlararo muloqotni mustahkamlashga intilishini tasdiqladi.
Serdar Berdimuhamedov ushbu taklif uchun minnatdorlik bildirarkan, Yaqin Sharq mamlakatlari bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish Turkmaniston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini urg‘uladi.
Shu asnoda Prezident Falastintashqi siyosat idorasi rahbarining Ashxobodga mazkur tashrifi, safar dasturidan o‘rin olgan maslahatlashuv va muzokaralar davlatlararo munosabatlarga doir keng ko‘lamli masalalar yuzasidan konstruktiv fikr almashish imkonini yaratadi, deya ishonch bildirdi.
Ta’kidlanishicha, Turkmaniston vaFalastin davlati ko‘p tomonlama formatda, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida faol hamkorlik qilmoqda. Shu munosabat bilan Prezident Serdar Berdimuhamedov Falastin davlati rahbariyati Turkmanistonning doimiy betaraflik mavqei vatashqi siyosat yo‘lini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zgarmas pozitsiya tanlaganini e’tirof etdi.
Shuningdek, muloqot davomida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish uchun keng imkoniyat mavjudligi qayd qilindi. Ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish, xususiy sektor vakillari o‘rtasida muntazam munosabat o‘rnatish uchun sharoit yaratish ayni yo‘nalishdagi amaliy qadamlar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Suhbatdoshlar fan, ta’lim, madaniyat sohalarida sermahsul aloqalarni rag‘batlantirish zarurligiga ham alohida e’tibor qaratishdi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA