BRIKSga a’zo davlatlar rahbarlari “Yoxannesburg deklaratsiyasi-II” nomli, assotsiatsiyaning XV sammiti yakuniy hujjatini qabul qildilar.
– Sammit o‘tkazish bo‘yicha 15 yillik tajribadan kelib chiqib, biz BRIKS mamlakatlari o‘rtasida uch asosiy yo‘nalish – siyosat va xavfsizlik, iqtisodiyot va moliya hamda madaniy-gumanitar aloqa bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, strategik sheriklikni mustahkamlash majburiyatini olamiz, – deyiladi hujjatda. – Mamlakatlarimiz fuqarolari manfaati yo‘lida tinchlik orqali yanada adolatli xalqaro tartib, jonlantirilgan va isloh qilingan ko‘p tomonlama tizim, barqaror rivojlanish va inklyuziv o‘sish ta’minlanadi.
Shuningdek, a’zo mamlakatlar hududida va butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ma’qullagan yetakchilar bir tomonlama sanksiya qo‘llanishi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqarayotganidan xavotir bildirishgan.
Ukraina muammosini hal qilish bo‘yicha Afrika tashabbusini minnatdorlik bilan qayd etgan BRIKS makroiqtisodiy muvofiqlikni mustahkamlash, iqtisodiyotda sheriklikni chuqurlashtirish, Niger, Liviya va Sudandagi nizolarni BMT va Afrika Ittifoqi hamkorligi asosida tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori. A’zo mamlakatlar dunyodagi mojarolardan xavotir olib, kelishmovchilikni muloqot orqali tinch yo‘l bilan hal qilishni talab qilmoqda.
BRIKS yetakchilari uyushma tarkibidagi davlatlar o‘rtasidagi xalqaro savdo va moliyaviy operatsiyalarda milliy valyutalardan foydalanish tarafdori sifatida ommaviy qirg‘in qurollari tarqatmaslik mexanizmini kuchaytirishga chaqirdi. O‘zaro sayyohlik oqimini tezlashtirish ustida ishlashga kelishib olishdi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA