Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya – Ukraina nizosi oqibatida halok bo‘lgan oddiy aholi vakillari va harbiy xizmatchilarning umumiy soni yarim million. Bu haqda payshanba kuni Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari Dikarlo ma’lum qildi:
– Biz faqat tasdiqlangan qurbonlar haqida gapiryapmiz, haqiqiy raqam yanada yuqori bo‘lishi mumkin. Ukraina ziddiyati tufayli bir yarim yil davomida kamida 9 444 tinch aholi vakili, jumladan, 545 bola nobud bo‘lgan. Jarohatlangan o‘n yetti mingga yaqin odamning 1156 nafari voyaga yetmagan.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya Qora dengiz tashabbusidan chiqqach, mojaro avj olgan. Natijada Ukrainaning Qora dengiz va Dunay portlari infratuzilmasi zarar ko‘rgan. Ayni holat butun dunyo miqyosida o‘ta muhtoj aholiga oziq-ovqat eksportini xavf ostiga qo‘ydi.
BMT rahbari o‘rinbosari “Hozir Ukrainaga gumanitar yordam rejasi doirasida 1,7 milliarddan ziyod yoki e’lon qilingan 3,9 milliard dollarning 44 foizini oldik”, deya donorlarga minnatdorlik bildirdi.
O‘zA