Jahon hamjamiyati ko‘p qutblilikka intilmoqda, bu tendensiya xalqaro institutlar samaradorligi bilan qo‘llab-quvvatlanishi kerak, dedi ilk bor BRIKS sammitida ishtirok etgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari Antoniu Guterrish.
– Biz ko‘p qutblilik sari intilyapmiz, biroq shuning o‘zi yetarli emas, – dedi u. – Xalqaro munosabatda tinchlik, tenglik va adolat kafolatlanishi uchun kuchli, samarador ko‘p tomonlama institutlar qo‘llab-quvvatlovi zarur. Misol tariqasida Yevropaga ishora qilib, Bosh kotib o‘tgan asr boshida dunyo ko‘p qutbli bo‘lsa-da, “kuchli ko‘p tomonlama mexanizmga ega bo‘lmagani”, natijada Birinchi jahon urushi sodir etilganini ta’kidladi.
– BMT Nizomi va xalqaro huquqqa asoslangan mustahkam, isloh qilingan ko‘p tomonlama arxitektura juda zarur, – qo‘shimcha qildi Guterrish.
– Zamonaviy jahon hamjamiyati oldida “eksklyuziv muammolar”, jumladan, iqlim inqirozi, qashshoqlik va ochlik o‘sishi, yangi texnologiyalar paydo bo‘lishi tufayli yuzaga keladigan xavfni boshqarish muammolari, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab mojarolar ko‘payishi kabi tendensiyalar paydo bo‘ldi.
O‘zA