“G‘arb davlatlarining gegemonlikni saqlab qolish istagi Ukrainadagi hozirgi inqirozga sabab bo‘ldi”. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin BRIKS davlatlari rahbarlari uchrashuvida video aloqa orqali so‘zlagan nutqida, jumladan, shunday dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “avvaliga G‘arb davlatlari yordami bilan ushbu davlatda konstitutsiyaga zid davlat to‘ntarishi amalga oshirildi, keyin bunga xayrixoh bo‘lmagan odamlarga qarshi urush ochildi”.

– Rossiya o‘z madaniyati, an’anasi, tili, kelajagi uchun kurashayotganlarni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi, – dedi davlat rahbari. – Ukrainadagi harakatimizga javoban faqat bir narsa – g‘arbliklar va ularning ushbu mamlakatdagi sun’iy yo‘ldoshlari tomonidan Donbassda yashovchi aholiga qarshi boshlangan urushga chek qo‘yish talab etiladi.

Shu bilan birga Prezident BRIKSga a’zo mamlakatlarning Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi sa’y-harakatini yuqori baholadi.
“Biz mavjud vaziyatga barham berish va tinch yo‘l bilan adolatli kelishuvga erishishga faol intilayotgan hamkasblarimizga minnatdorlik bildiramiz”, – dedi RF rahbari.

Putin BRIKS davlatlari har qanday gegemonlikka, mamlakatlar eksklyuzivligiga, shuningdek, neokolonializm siyosatiga qarshi ekanini bildirdi.
“Biz ba’zi davlatlar tomonidan o‘z eksklyuzivligi orqali targ‘ib qilinayotgan har qanday gegemoniyaga qarshimiz va bu yangi siyosat – mustamlakachilik, yangicha mustamlakachilikni davom ettirish siyosatiga asoslangan”, – dedi Rossiya yetakchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya BRIKS, SHHT, MDH va boshqa tuzilmalardagi hamkorlari bilan birga madaniyat kelajagi bo‘yicha jiddiy muloqotga umid qilmoqda.
“Madaniyat va sivilizatsiya xilma-xilligi yangi ko‘p qutbli dunyo tartibining tayanch ustuni sifatida madaniy almashinuv, san’at va ijod uchun ajralmas, erkin makon yaratishni nazarda tutadi”, – dedi Putin.

Rossiya rahbari “Shu yil 16-18 noyabr kunlari Sankt-Peterburgda o‘tkazilishi rejalashtirilgan 9-Xalqaro madaniyat forumi ana shunday muloqot maydoniga aylanishi mumkinligi”ni ta’kidladi.

Kelasi yil BRIKSga raislik Rossiyaga o‘tadi.

– Bizning raisligimiz “Adolatli global rivojlanish va xavfsizlik uchun ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash” shiori ostida o‘tadi, – dedi Putin. – 2024 yil oktyabrda Qozon shahri BRIKS sammitini qabul qiladi. Hamkasblarimiz bilan diplomatik yo‘laklar orqali aniq sanani kelishib olamiz.
RF rahbari BRIKS hamkorligining muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biri yangi barqaror, xavfsiz transport yo‘nalishlarini yaratish ekanini ta’kidlarkan, tuzilma tarkibidamintaqalararo va global transport yo‘laklarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan transport bo‘yicha doimiy komissiya tuzishni ham taklif qildi:

– BRIKS doirasida nafaqat “Shimol – Janub” loyihasi, balki keng ko‘lamli, mintaqalararo va global miqyosdagi logistika va transport yo‘laklarini, rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiya tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. BRIKS biznes-forumi ishtirokchilari bilan muloqot chog‘ida shimoliy suv hududi va Boltiq bo‘yidagi Rossiya portlarini dengiz terminali bilan bog‘laydigan Shimol – Janub yo‘lagi kabi trans qit’aviy yo‘nalishlarni jadal rivojlantirish dolzarbligini aytdim. Biz janubiy afrikalik hamkasblarimizning xotin-qizlar masalasi bo‘yicha alohida vazirlar yig‘ilishini tashkil etish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu loyihaning davlatlarimiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotidagi roli, shubhasiz, kengayishi kerak.

Go‘zal Sattorova tayyorladi.

O‘zA