AQSH Prezidenti Jo Bayden Dehlida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ishtirok etadi. Bu haqda Amerika yetakchisining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.

– Prezident Bayden “katta yigirmalik” sammitida ishtirok etish uchun 7-10 sentyabr kunlari Hindistonda bo‘lib, G20 tarkibidagi hamkorlarimiz bilan toza energiyaga o‘tish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash singari global muammolarni hal etish masalasini muhokama qiladi, – dedi Sallivan. – Anjumanda Rossiya – Ukraina ziddiyatining iqtisodiy va ijtimoiy ta’sirini yumshatish, ko‘p tomonlama rivojlanish banklari, xususan Jahon bankida qashshoqlikka qarshi kurashish va butun dunyo mamlakatlari duch kelayotgan jiddiy transmilliy muammolarni hal qilish uchun imkoniyat yaratish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Qo‘shma Shtatlar rahbari Dehlida qator davlatlar yetakchilari bilan ikki tomonlama muzokara o‘tkazishni ham rejalashtirgan.

Hindiston 2022 yil 1 dekabrdan G-20 ga raislik qilmoqda. Dehli sammitiga Bangladesh, Misr, Ispaniya, Mavrikiya, Nigeriya, Niderlandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon va Singapur rahbarlari ham taklif qilingan. Mamlakat TIV rasmiy vakili Arindam Bagchi “Dehli barcha davlatlar rahbarlarining sammitda ishtirok etishiga umid bildirayotganini” aytgan.

O‘zA