Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirlari yaqin orada telefon orqali KXDR tomonidan razvedka sun’iy yo‘ldoshi va raketa uchirilishi mavzusini muhokama qilish niyatida. Bu haqda kun chiqar yurt Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Xirokazu Matsuno ma’lum qildi.

Matsuno Pxenyanning sun’iy yo‘ldoshni muvaffaqiyatsiz uchirishiga oid xabarlarga izoh bermadi va ayni dam Mudofaa vazirligi mavjud ma’lumotlarni tahlil etayotganini ta’kidladi.

Shimoliy Koreya payshanbaga o‘tar kechasi razvedka yo‘ldoshi vazifasini bajaruvchi ballistik raketa uchirdi. Yaponiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, qurilma, taxminan, 15 daqiqada Okinava muzofoti havo hududidan o‘tib, Tinch okeani tomon yo‘l olgan.

Yaponiyada ushbu voqea munosabati bilan favqulodda ogohlantirish tizimi ishga tushgan. Xususan, Okinava janubiy qismi aholisi zilzilaga bardoshli yoki yer osti binolarida saqlanishga chaqirilgan. Raketa Yaponiya havo hududini kesib o‘tgach, ogohlantirish bekor qilingan.

KXDR markaziy axborot agentligi raketa uchirilgan vaqtdan ikki soatcha o‘tib, yuzaga kelgan muammolar tufayli razvedka sun’iy yo‘ldoshi uchirilishi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ma’lum qildi.

O‘zA