Shu kunlarda jahon hamjamiyati nigohi Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) poytaxti Yoxannesburgda bo‘lib o‘tayotgan BRIKS sammitiga qaratilgan. Anjumanda Xitoy, Hindiston, Braziliya va JAR yetakchilari ishtirok etmoqda. Tuzilmaning yana bir a’zosi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sammitda videokonferensiya orqali ishtirok etishini ma’lum qilgan. RFdan JARga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov borgan. Qayd etish lozim, yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlar uyushmasi – BRIKS nufuzi tobora ortayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan bot-bot aytilmoqda. Bu galgi sammitda ham dunyo iqtisodiy va siyosiy hayoti bilan bog‘liq muhim qarorlar qabul qilinishi kutilyapti.

BRIKS Braziliya Federativ Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlararo birlashmasi hisoblanadi.

BRIK qisqartmasi 2001 yil Amerikaning “Goldman Sachs” moliya va investitsiya kompaniyasi global iqtisodiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Jim O,Nil tomonidan ishlatilgan. Mazkur atama yalpi ichki mahsulot miqdori eng jadal o‘sib borayotgan dunyoning to‘rt iqtisodiyoti – Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy davlatlari bosh harfidan yasalgan. 2011 yil fevral oyida Janubiy Afrika Respublikasi qo‘shilishi guruh nomini BRIKS tarzida o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.

BRIKS davlatlarida jami dunyo aholisining 40 foizidan ko‘pi, taxminan, 3 milliard 240 million kishi yashaydi. 2000-2026 yillarda BRIKSga a’zo mamlakatlar nufuzi yana 625 millionga ko‘payishi kutilyapti. Sezilarli o‘sish, asosan, Hindiston va Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Britaniyaning “Acorn Macro Consulting” kompaniyasi tomonidan 2023 yil mart oyi oxirida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, BRIKS hozir jahon yalpi ichki mahsulotining 31,5 foizini ta’minlaydi. 2030 yilga borib bu ulush 50 foizdan oshishi taxmin qilinyapti. BRIKS+ formatiga qabul qilinishi kutilayotgan yana bir necha yirik davlat qo‘shilishi bilan tuzilmada dunyo bo‘ylab tovar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ko‘rsatkichining yarmiga ancha oldinroq erishish imkoni paydo bo‘larkan.

Hisob-kitobga ko‘ra, 2023 yil BRIKSga a’zo mamlakatlarning umumiy yalpi ichki mahsuloti 27,6 trillion dollardan oshadi.

2008 yil 7 noyabr kuni San-Pauluda katta yigirmatalik tadbirlari arafasida Braziliya tomoni tashabbusi bilan tashkilot moliya vazirlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘shanda a’zo davlatlarning jahon iqtisodiyoti va moliyasi dolzarb masalalariga umumiy yondashuvni aks ettiruvchi qo‘shma kommyunike qabul qilingan.

A’zo davlatlar nufuzli xalqaro tuzilmalar – BMT, Katta yigirmatalik, JST, Qo‘shilmaslik harakati, 77 guruhi, shuningdek, mintaqaviy birlashmalar – MDH, KXSHT, YeOII, SHHT va boshqa tashkilotlarda faoliyat yuritadi.

BRIKSga raislik a’zo davlat tomonidan taqvim yili davomida rotatsiya asosida amalga oshiriladi. Barcha qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi.

Har yili yuzdan ortiq uchrashuv o‘tkaziladi. Qolaversa, shahar ma’muriyatlari, biznes, akademik va ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik rivojlanmoqda. Uyushma joriy ishini muvofiqlashtirish uchun Milliy Sherpas/Sous-Sherpas instituti joriy qilingan.

2020 yil BRIKSga Rossiya raislik qilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu mas’uliyat Hindistonga o‘tdi. 2022 yilda boshqaruvni Xitoy qabul qilib oldi. Ayni payt Janubiy Afrika tashkilotga raislik qilmoqda. BRIKS yetakchilari 23 iyun kuni videokonferensiya orqali ham sammit o‘tkazishgan.

2022 yil BRIKSni yanada inklyuzivlashtirish uchun a’zo davlatlar sonini kengaytirish rejasi e’lon qilindi. Shundan so‘ng mazkur iqtisodiy tuzilmaga Jazoir, Argentina, Bangladesh, Bahrayn, Belarus, Boliviya, Kuba, Misr, Efiopiya, Gonduras, Indoneziya, Eron, Qozog‘iston, Quvayt, Marokash, Nigeriya, Falastin, Saudiya Arabistoni, Senegal, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari, Venesuela kabi 23 davlat rahbarlari rasman qo‘shilish istagini bildirgan. Sammitda yangi a’zolar yoki nomzodlar e’lon qilinishi ehtimoldan xoli emas.

Saidmurod Rahimov, O‘zA sharhlovchisi