Dubay munitsipaliteti 2030 yilga borib, to‘liq qayta ishlangan suv ta’minotiga o‘tishni, suvni tuzsizlash va ushbu jarayonga sarflanadigan elektr energiyasi sarfini 30 foiz kamaytirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Suvni qayta ishlatish dasturi Birlashgan Arab Amirliklarining “yashil” iqtisodiyot bilan bog‘liq qarashini qo‘llab-quvvatlaydi.

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, ayni dam Dubayda suv 90 foiz qayta ishlatilmoqda. Bu yiliga 2 milliard dirhamdan ziyod mablag‘ni tejash imkonini beradi. Suvni qayta ishlatish hayotiy muhim tabiiy resursni tejash barobarida tuzsizlantirishga ketadigan energiyani tejaydi, issiqxona gazi chiqindisini kamaytiradi.

Dubay munitsipaliteti bosh direktori Doud Al Hojiy so‘zlariga ko‘ra, hukumat anchadan beri suvni tejash kelajak avlod uchun juda muhimligini ta’kidlab keladi. Suvni qayta ishlash endilikda Amirlikni global “yashil” iqtisodiyot markaziga aylantirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatining muhim qismiga aylangan.

O‘zA