Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 sentyabrdagi “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur qonun endigina talabalikka tavsiya etilganlar uchun ham amal qiladimi?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, talabalikka tavsiya etilganlar davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashishi uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron ariza yuborishlari mumkin. Bunda birinchi bosqich talabalaridan sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etilmaydi.
Shuningdek, joriy yildagi yangi tartibga ko‘ra, talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara summasidan qat’i nazar Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (330 ming so‘m), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (165 ming so‘m) miqdorida amalga oshiriladi.
Har bir oliy ta’lim muassasasida “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi” tashkil etilgan bo‘lib, unda talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlari haqida ma’lumotlar olish imkoniyati yaratilgan. Joriy yilda mazkur markazlarimiz yordamida talabalarni o‘z vaqtida turar joy (yotoqxona yoki ijara uylari) bilan ta’minlanishi nazoratga olingan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA