2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 72 ta bino tanlab olinib, mazkur joylar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda test sinovlariga to‘liq tayyorlandi. Bunda bir smenada 38 ming 220 nafar, bir kunda esa 76 ming 440 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi ta’minlandi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari yakunlari yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytildi.

Qayd etilishicha, test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan 948 ming nafardan ziyod abituriyentdan 888 ming 660 nafari ishtirok etdi. 59 ming 831 nafar abituriyent esa ishtirok etmadi.

Abituriyentlarning 67 nafari hududga kirishda, 148 nafari test sinovi jarayonida tartib-qoidani buzgani sababli test sinovlaridan chetlashtirildi. Chetlashtirish holatlarining aksariyat qismi taqiqlangan vositalar, jumladan, telefon va shpargalka olib kirish yoki olib kirishga urinish hamda abituriyent o‘rniga boshqa shaxslarning kirishga urinishi bilan bog‘liq.

Test sinovi jarayonida chetlashtirish holatlarining 34 tasi Samarqand viloyati, 31 tasi Toshkent shahri va 20 tasi Farg‘ona viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng kam qoidabuzarlik holatlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (1ta) hamda Xorazm, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida (3tadan) kuzatildi.

Test sinovlari to‘liq videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya  qilingan holda o‘tkazildi va abituriyentlar hamda ularning ota-onalari test2023.uz sayti orqali test sinovlarini onlayn kuzatib borishlari mumkin bo‘ldi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA