Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Boku shahriga keldi.

Haydar Aliyev nomidagi aeroportda davlatimiz rahbarini Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

Bugun bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuvlarda ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar.