Bu haqida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada aytib o‘tildi.

Joriy yilning 9-11 avgust kunlari Janubiy Koreyaning Pusan shahrida Janubiy Koreya mehnat vazirligi hamda Inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD Korea) tomonidan Ishga ruxsat berish tizimini (EPS) joriy etish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Koreya Respublikasi mehnat vaziri Li Chon Cik, inson resurslarini rivojlantirish xizmati prezidenti Kim Yon Djun, Pusan shahri meri Pak Xon Djun va Ye-9 vizasi bilan fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishga jo‘natuvchi 16 davlatning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida HRD Korea tomonidan tashkil etilgan Ishga ruxsat berish tizimining (EPS) yutuqlari va muammolari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Jumladan, Janubiy Koreyada EPS-Topik tizimi bundan 19 yil oldin tashkil qilinganligi, bugungi kunda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Filippin, Nepal, Bangladesh, Pokiston, Indoneziya, Kambojiya, Laos, Vetnam, Xitoy, Mo‘g‘uliston, Tayvan, Sharqiy Timor, Myanma va Shri-Lanka fuqarolarini mamlakatning turli sohalariga ishga jalb qilgan holda o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli yuritib kelayotganligi qayd etildi.

Janubiy Koreya statistika boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda mehnatga layoqatli aholi sonining kamayishi, ya’ni ishchi kuchining qarishi va tug‘ilish sonining keskin pasayishi malakali kadrlar yetishmovchiligiga olib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida, xorijlik malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois ham sanoatning turli sohalarida ishchi kuchi yetishmovchiligining oldini olish chorasi sifatida hukumat tomonidan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Konferensiyada malaka talab qilmaydigan Ye-9 ishchi vizasi asosida EPS-Topik tizimi tashkil qilingandan bugungi kunga qadar yuqorida nomi keltirilgan 16 davlatdan jami 860 ming nafar ishchi kuchi Janubiy Koreyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borib, sanoatning turli sohalarida faoliyat yuritganligi va tajriba o‘rganib o‘z yurtida ko‘plab muvaffaqiyatli loyihalarni boshlaganligi ham qayd etildi.

Shundan 260 ming nafardan ortiq Ye-9 vizasidagi xorijlik ishchilar bugungi kunda Janubiy Koreyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib bormoqda. Joriy yil Ye-9 vizasidagi ishchi kuchiga bo‘lgan talab

110 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, keyingi yillar uchun kvota hajmining yanada oshishi kutilayotganligi, qolaversa, Ye-9 viza turida ishlashning yangi yo‘nalishlarini ochish rejasi borligi ma’lum qilindi.

Tadbir davomida Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini olib borayotgan chet ellik ishchilar orasida ish vaqtida baxtsiz hodisalarni oldini olish bo‘yicha xabardorlikni oshirish yuzasidan «HRDS», Janubiy Koreya mehnatni muhofaza qilish tashkiloti va 16 davlat vakillari orasida o‘zaro kelishuvga erishildi.

O‘zA