Ayni paytda Rossiya elchixonasining 45 xodimi Kishinyov aeroportiga yetib kelgani aytilmoqda.
26 iyul kuni Moldova tashqi ishlar vazirligi rossiyalik diplomatlar sonini qisqartirishga qaror qilgani haqida xabar tarqatgan edi. Bunga Rossiya Moldovada josuslik harakatlarini olib borayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Josuslik haqida xulosaga kelishga esa RFning Kishinyovdagi elchixonasi tomida 28 ta antenna va yo‘ldosh tarelkalari o‘rnatilgani asos bo‘lgan. Moldova tomonining ta’kidlashicha, masalan Rossiyaning Belgiyadagi elchixonasida antennalar soni oz. Xullas, Moldova tashqi ishlar vazirligi qarori bilan 15 avgustgacha Rossiya elchixonasining 45 nafar xodimi Moldovani tark etishi kerak edi.
Rossiya – Moldova aviareyslari qatnovi o‘tgan yili fevraldan yopilgani uchun elchixona xodimlarini olib ketishga Moskvadan maxsus Tu-214 borti yetib kelgani aytilmoqda.